«Maynts» klubi va Yaponiya milliy jamoasi tayanch yarimhimoyachisi Kaisu Sano faoliyatini Angliya Premyer-ligasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Bild nashri xabar berdi.
Manbaga ko'ra, 25 yoshli futbolchiga «Liverpul» jiddiy qiziqish bildirmoqda. Mersisayd klubi Sano transferi uchun 60 million yevro taklif qilishga tayyor.
Qayd etilishicha, futbolchining transfer qiymati JCH-2026dagi muvaffaqiyatli o'yinlaridan so'ng sezilarli darajada oshgan. «Maynts» ham munosib taklif tushgan taqdirda uni qo'yib yuborishga tayyor.
Kaisu Sano 2024 yilda Yaponiyaning «Kashima Antlers» klubidan 2,5 million yevro evaziga «Maynts»ga ko'chib o'tgan. Uning Germaniya klubi bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil 30 iyungacha amal qiladi.
2025/26 yilgi mavsumda yarimhimoyachi barcha musobaqalarda 48 ta uchrashuv o'tkazib, 2 ta gol va 5 ta assist qayd etdi.