Braziliya futboli afsonasi Ronaldo milliy jamoa yetakchilari Vinisius Junior va Rafinyaning o‘yini haqida fikr bildirdi.
Sobiq hujumchining ta’kidlashicha, klubdagi muvaffaqiyatni terma jamoada takrorlash har doim ham oson emas.
«Bizda juda yaxshi jamoa va o‘z klublarida katta foyda keltirayotgan futbolchilar bor. Ammo terma jamoada ham ular moslashib, klubdagidek natija ko‘rsatishi kerak», — dedi Ronaldo.
Afsonaviy futbolchi Vinisiusning «Real Madrid»dagi ahamiyatini alohida ta’kidlab o‘tdi.
«Biz Vinisiusning «Real» uchun qanchalik muhim ekanini ko‘rib turibmiz. Milliy jamoada ham undan xuddi shunday o‘yin kutamiz. Uning o‘zi ham juda harakat qilmoqda, biroq ba’zida hammasi ham o‘xshamaydi. Shuning uchun sabr qilish kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.
Ronaldo futbolchilarning maydondagi qaror qabul qilishi ham muhim ekanini aytdi.
«Qachon hujum qilish, qachon ortga qaytish, pas berish yoki bo‘sh hudud yaratishni bilish kerak. Hujum uchun to‘g‘ri vaziyatni his qilish juda muhim», — dedi braziliyalik afsona.
Shuningdek, Ronaldo Vinisius va Rafinyani hozirgi Braziliya terma jamoasining asosiy yulduzlari deb atadi.
«Albatta, ular jamoaning ikki asosiy futbolchisi. Muxlislar esa ulardan natija talab qiladi», — deya yakunladi u.