«Chelsi» hujumchisi Morgan Rojers Angliya Liga kubogi nimchorakfinalida «Liverpul»ga qarshi kechgan va penaltilar seriyasida yakunlangan bahsdan so‘ng o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Asosiy vaqt 1:1 hisobida tugadi, penaltilar seriyasida esa mersisaydliklar 6:5 hisobida g‘alaba qozondi.
«Menimcha, bu mag‘lubiyatning eng yomon usuli. O‘yin teng kechdi, ayrim vaqtlarda hatto ustunlikka ham ega bo‘ldik. Birinchi bo‘limda stadiondagi shovqinni pasaytirishga, maydonga moslashishga va hisobni ochishga erishdik. Ammo oradan juda qisqa vaqt o‘tib, javob golini o‘tkazib yuborish og‘ir bo‘ldi», — dedi Rojers «Chelsi» rasmiy saytiga.
Hujumchining ta’kidlashicha, jamoa ikkinchi bo‘limni ham yaxshi boshlagan va bir necha bor oldinga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Bahs yakuniga yaqin ham londonliklarda vaziyatlar yuzaga kelgan.
«Bir oz hafsalam pir bo‘ldi. O‘zimda ham golga aylantirishni istagan bir nechta imkoniyatlar bo‘ldi. Raqibda ham shunday vaziyatlar yuzaga keldi.
Biz munosib o‘yin ko‘rsatdik, bahs juda sifatli kechdi. Bu natija har qanday tomonga o‘zgarishi mumkin bo‘lgan o‘yinlardan biri edi. Endi buni qabul qilishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi futbolchi.
Ma’lumot uchun, ushbu bahsda Rojers 40-daqiqada «Chelsi»ni hisobda oldinga olib chiqqan. Kodi Gakpo esa uch daqiqadan so‘ng «Liverpul»ning javob golini urgan.
Eslatib o‘tamiz, penaltilar seriyasidagi 6:5 hisobidagi g‘alabadan so‘ng «Liverpul» Angliya Liga kubogi chorakfinaliga yo‘l oldi.