«Real» braziliyalik hujumchi Endrikning kelajagi borasidagi pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqmoqda.
ESPN jurnalisti Rodraning xabariga ko‘ra, Madrid klubi 19 yoshli futbolchini ushbu yozda yana ijaraga yuborish imkoniyatini istisno qilmayapti. Biroq futbolchining o‘zi «Santyago Bernabeu»da qolib, asosiy tarkib uchun kurashishni istamoqda.
Qayd etilishicha, bosh murabbiy Joze Mourinyo yakuniy qarorni mavsumoldi yig‘inidan so‘ng qabul qiladi. Portugaliyalik mutaxassis Endrikni Gonsalo Garsiya bilan birgalikda baholab chiqadi. Garsiyaga esa APL vakili «Fulhem» qiziqish bildirmoqda.
Manbaga ko‘ra, agar «Real» yana bir hujumchini o‘z safiga qo‘shib olsa, ikki yosh futbolchidan biri ijara asosida boshqa klubga yo‘l olishi mumkin.
Shuningdek, Endrikning vakillari ham yangi ijara variantlarini ko‘rib chiqqan. Ammo hozirgi paytda ularning asosiy maqsadi futbolchining «Real»da qolib, asosiy tarkib uchun kurashishi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Endrik o‘tgan mavsumni Fransiyaning «Lion» klubida ijara asosida o‘tkazgandi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi