«Tottenhem» bosh murabbiyi Roberto De Zerbi yarimhimoyachi Lukas Bergvallning kelajagi borasida o'z fikrlarini bildirdi.
ESPN xabariga ko'ra, italiyalik mutaxassis klubda qolishni istamaydigan futbolchilar jamoani tark etishi kerakligini ta'kidladi.
«Men «Tottenhem»ga kelganimdayoq o'z pozitsiyamni aniq aytganman. Bu yerda bo'lishni istamaydigan, baxtli bo'lmagan va ushbu klub sharafini himoya qilishdan faxrlanmaydigan futbolchi ketishi kerak», — dedi De Zerbi.
Murabbiy hozircha Bergvall bilan shaxsan suhbatlashmaganini, biroq yaqin kunlarda bu masalani muhokama qilishini aytdi.
«Men hali Lukas bilan gaplashmadim. Yaqin kunlarda suhbatlashamiz va klub, uning o'zi, men hamda barchamiz uchun eng yaxshi yechimni topamiz. Hech qanday mojaro yo'q. Lukas juda, juda katta iste'dod», — deya qo'shimcha qildi mutaxassis.
Eslatib o'tamiz, avvalroq «Tottenhem» Lukas Bergvall bo'yicha «Nottinghem Forest» va «Nyukasl»ning takliflarini rad etgandi.