«Tottenhem» Slovakiya milliy jamoasi darvozaboni Martin Dubravka bilan shartnoma imzolaganini rasman tasdiqladi.
London klubi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tajribali posbon 1 iyuldan boshlab jamoaga erkin agent sifatida qo‘shiladi. Uning «Byornli» bilan amaldagi shartnomasi yakuniga yetgan.
«Bu men uchun hayajonli davr. Yangi sarguzasht va oilam bilan birga yangi tajriba kutmoqda. Hammasi juda tez sodir bo‘ldi va bu yerda ekanimdan juda xursandman.
Men ko‘p yillardan beri Roberto De Dzerbi jamoalarini kuzatib kelaman. Uning uslubi va qarashlarini yaxshi bilaman. Shuningdek, «Tottenhem» muxlislari haqida ham ko‘p yaxshi gaplarni eshitganman.
Bu Angliyaning eng yirik klublaridan biri va men ishni boshlashni intiqlik bilan kutyapman», — dedi Dubravka.
Ma’lumot uchun, Martin Dubravka faoliyati davomida «Nyukasl», «Sparta» Praga va «Byornli» klublarida o‘ynagan. Darvozabon 2022/23 yilgi mavsumning bir qismini «Manchester Yunayted»da ijara asosida o‘tkazib, 2 ta bahsda maydonga tushgan. Endilikda u Roberto De Zerbi boshqaruvidagi «Tottenhem» safida faoliyatini davom ettiradi.