«Bavariya» ushbu yozgi transferlar oynasida yangi yarimhimoyachi sotib olmaslikka qaror qildi.
Jurnalist Stefan Kumbergerning xabar berishicha, Myunxen klubi rahbariyati jamoaning markaziy yarimhimoya chizig‘i yetarlicha kuchli deb hisoblamoqda.
Manbaga ko‘ra, yangi mavsumda Yozua Kimmix va Aleksandr Pavlovich asosiy yarimhimoyachilar juftligi sifatida maydonga tushadi. Tom Bishof esa asosan zaxiradan o‘yinga qo‘shiladi.
Shuningdek, klub yosh futbolchi Noel Aseko xizmatlariga ham katta umid bog‘lamoqda. U muntazam ravishda asosiy jamoa mashg‘ulotlari va o‘yinlariga jalb etilishi kutilmoqda.
«Bavariya» ixcham tarkib siyosatini davom ettirmoqchi. Klub bu orqali yosh futbolchilarga ko‘proq imkoniyat yaratishni rejalashtirgan.
Shu bilan birga, Dortmundning «Borussiya» klubi yarimhimoyachisi Feliks Nmecha bo‘yicha tarqalgan mish-mishlar ham shubha ostida qolmoqda. Dortmundliklar futbolchini faqat 100 million yevrodan yuqori taklif evaziga qo‘yib yuborishga tayyor va uni Germaniyadagi raqibiga sotishni istamayapti.
Ma’lumot uchun, «Bavariya» yozgi transferlar oynasida tarkibni haddan tashqari kengaytirmaslik strategiyasini tanlagan. Klub rahbariyati yosh futbolchilarning rivojlanishiga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.