«Barselona» futbolchisi Rafinya Robert Levandovskining klubni tark etishi haqida fikr bildirdi.
37 yoshli hujumchi mavsumning so‘nggi uy o‘yini «Betis»ga qarshi bahs (3:1)dan so‘ng «ko‘k-anorranglilar» muxlislari bilan xayrlashdi.
«Men uchun Robert bilan bir jamoada o‘ynash sharaf edi. U klubga kelgan ilk kunlaridanok namuna bo‘la oladigan darajada professional ekanini ko‘rsatdi va o‘z tajribasini bizga ulashdi.
Ayrimlar yutuqlardan keyin bo‘shashib qoladi, Levandovski esa bundaylardan emas. U «Barselona»ga kelguncha ham barchasini yutgan, allaqachon afsona edi, ammo baribir g‘alaba qozonishni istardi.
Bu — men ushbu to‘rt yil davomida undan o‘rgangan eng muhim jihat. Ushbu mavsumda u doim o‘ynay olmadi, ammo baribir mehnatkashligicha qoldi. U barchamiz uchun namuna», — deya Rafinyaning so‘zlarini keltiradi Barca Universal.
Qayd etish lozim, Robert kataloniyaliklar safida 192 ta o‘yinda ishtirok etib, 119 ta gol urgan.