Qozog‘istonlik taniqli mutaxassis Mirzog‘ali Aytjanov O‘zbekiston boks milliy jamoasi bosh murabbiyligiga taklif etilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
«Bu taklif O‘zbekistondan emas. Lekin ko‘plab mamlakatlar meni birga ishlashga, boksni rivojlantirishga yordam berishga taklif qilmoqda.
Ular orasida Xitoy, Turkiya va Hindiston ham bor. Bu davlatlar 2028 yil Los-Anjelesdagi Olimpiadaga bokschilarini tayyorlashda yordam berishimni istashmoqda.
Rasmiy xatlar ham, muzokaralar ham bor. Biroq men uchun Vatanimdan, shogirdlarimdan ajralish oson emas.
Ozarbayjondan ham taklif bo'lgan, ammo barchasiga rad javobini berdim. Men o‘z oldimga qo‘ygan Olimpiya chempionini tarbiyalashdek maqsadimga erishmoqchiman», — dedi Aytjanov «ADILET TV» YouTube kanalidagi podkastda.
Mirzog‘ali Aytjanov kim?
Mutaxassis Qozog‘iston boksi tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiylardan biri hisoblanadi. U 2009–2018 yillarda Qozog‘iston milliy jamoasini boshqargan.
Aytjanov boshchiligida Qozog‘iston terma jamoasi 2013 va 2017 yillargi jahon chempionatlarida jami 5 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u Olimpiada bronza medali sovrindori va jahon chempioni Saken Bibosinovning shaxsiy murabbiyi hisoblanadi.
Qozog‘iston va O‘zbekiston raqobati davom etmoqda
Qozog‘iston va O‘zbekiston milliy jamoalari havaskorlar boksida dunyoning eng kuchli terma jamoalari qatoriga kiradi.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan U-23 yosh toifasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston umumjamoa hisobida Qozog‘istondan ustun keldi. O‘zbekiston milliy jamoasi 10 ta vazn toifasida 4 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.