«Real» bosh murabbiyi Joze Mourinio Ispaniya chempionatining 14-turidan o‘rin olgan «Alaves»ga qarshi uchrashuv (1:2)dan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Biz zich himoyalangan va to‘pni egallab olgach, uzatmalar orqali o‘yin qurishga intilmagan jamoaga qarshi o‘ynadik.
Ularning maqsadi hujumchilarga uzun paslar berish va qarshi hujumlar uyushtirish edi. Bizga esa raqib jarima maydonida faollik yetishmadi.
To‘p nazoratida ustunlik qildik, ammo bo‘sh hududlarni topa olmadik. Bernardu Silva va Arda Gyuler — o‘xshash uslubda o‘ynaydigan futbolchilar. Shu sababli hujumda o‘zgarish qilishga qaror qildim.
Kike Flores o‘z rejasini amalga oshirdi. Bu biz uchun kutilmagan holat emas edi. Kecha aynan shunday himoyaviy futbolga qarshi o‘ynash uchun mashg‘ulot o‘tkazgandik.
Ularga hakamning vaqt cho‘zish holatlariga ko‘z yumgani qo‘l keldi. Ular ikki marta maydonga to‘p tashlashdi.
Qoidaga ko‘ra, murabbiylar shtabi vakillaridan biri shunday qilsa, bosh murabbiy qizil kartochka olishi kerak.
Kikeni tanlagan taktikasi bilan tabriklayman. Faqat maydonga to‘p tashlash bilan bog‘liq xunuk xatti-harakatni tanqid qilishim mumkin. Hozir futbolda hech kim bunday qilmaydi.
Bellinghamning chetlatilishi? Ikki mavsum avval bu hakam Mbappeni, o‘tgan mavsum Vinisiusni, bu mavsum esa Bellinghamni maydondan chetlatdi. Ko‘ramiz, kelasi mavsum Kurtuani ham chetlatarmikan.
Bu hakam o‘z hokimiyatini namoyish etishni yaxshi ko‘radi. Hakam tufayli mag‘lub bo‘ldik demoqchi emasman. Lekin Mbappening libosidan tortgan raqib sariq kartochka olmaganidan jahlim chiqdi», — dedi portugaliyalik mutaxassis.