Futbol insayderi Fabrisio Romano Vinisius Juniorning «Real»dan «PSJ»ga o‘tishi mumkinligi haqidagi xabarlarni rad etdi. Avvalroq parijliklar Xvicha Kvaratsxeliya va Dezire Due jarohat olgani sababli braziliyalik futbolchiga qiziqish bildirayotgani haqida ma’lumotlar tarqalgandi.
Romanoning aytishicha, «PSJ» va Vinisius o‘rtasida hech qanday aloqa bo‘lmagan. Buning ikki sababi bor: futbolchining o‘zi «Real»ni tark etishni istamayapti, parijliklar esa tarkibga Vinisius darajasidagi yulduzni emas, kelajak uchun yosh iqtidorni qo‘shib olishni maqsad qilgan.
«PSJ» boshqa turdagi futbolchini izlamoqda. Klub Due va Kvaratsxeliya safga qaytganidan keyin tarkibda yulduzlar haddan tashqari ko‘payib ketishi bilan bog‘liq muammolardan qochmoqchi. «Real»da esa Vinisius tez orada eng yaxshi sport formasiga qaytishiga ishonishmoqda. Uning so‘nggi haftalardagi munosabati va mehnatidan mamnunlar», — dedi Romano DAZN sahifasida e’lon qilingan videoda.
Insayderning ta’kidlashicha, Vinisius yanvar oyida «Real»ni tark etmaydi. U yaqinda braziliyalik futbolchi bilan shartnomani uzaytirganini ham eslatdi. Shuningdek, Joze Mourinio ham Vinisiusni qo‘llab-quvvatlamoqda va unga to‘liq ishonch bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Vinisius so‘nggi bahsida «Real» safida gol urdi. Bundan avval esa Braziliya milliy jamoasi tarkibida beshta gol muallifiga aylangandi.