«Manchester Siti» «Lill» klubi va Marokash milliy jamoasi yarimhimoyachisi Ayub Buaddi transferi bo‘yicha dastlabki muzokaralarni o‘tkazdi. Bu haqda taniqli insayder Fabritsio Romano xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 18 yoshli futbolchi «shaharliklar»ning kelajak uchun asosiy transfer maqsadlaridan biri hisoblanadi. Hozircha ushbu transfer uchun to‘rtta klub kurash olib bormoqda. «PSJ» ham vaziyatni kuzatmoqda, biroq ayni paytda parijliklarning boshqa ustuvor transfer rejalari mavjud.
Qayd etilishicha, «Manchester Siti» Buaddini sotib olgach, uni 2027/28 yilgi mavsum boshlanguniga qadar «Lill» safida qoldirishi mumkin.
«Lill» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Buaddi o‘tgan mavsum Liga 1, Yevropa Ligasi va Fransiya Kubogi doirasida asosiy jamoa safida 42 ta uchrashuv o‘tkazib, bitta golli uzatmaga mualliflik qilgan.
Hozirda Ayub Buaddi Marokash bilan JCH-2026da ishtirok etmoqda. Afrikaliklar 1/16 finalda Niderlandiyani penaltilar seriyasida mag‘lub etdi va endi 1/8 finalda 4 iyul kuni Kanada bilan bahs olib boradi.