«Manchester Siti»ning sobiq raisi Devid Bernshteyn klub direktorlar kengashining faoliyati haqida fikr bildirdi. Uning bayonoti klubga nisbatan moliyaviy qoidabuzarliklar bo‘yicha davom etayotgan ish fonida yangradi.
Bernshteynning fikricha, klub direktorlar kengashi, jumladan, uzoq yillardan buyon o‘z lavozimida ishlab kelayotgan bosh direktor tashkilotni boshqarish bilan bog‘liq jarayonlar uchun javobgar hisoblanadi.
«Yana bir masalani ko‘tarmoqchiman — direktorlar kengashining holati. Klub direktorlar kengashi, jumladan, ko‘p yillardan buyon lavozimida ishlab kelayotgan va ushbu davrning barchasini boshdan kechirgan bosh direktor klubni har tomonlama boshqarish uchun javobgardir», — deya Bernshteynning so‘zlarini TalkSPORT keltirdi.
Uning ta’kidlashicha, agar bunday vaziyat oddiy aksiyadorlik kompaniyasida yuz berganida, direktorlar yakuniy qaror qabul qilingunga qadar iste’foga chiqishi yoki vaqtincha lavozimidan chetlatilishi mumkin edi. Bernshteyn bu holatda apellyatsiya beriladimi yoki yo‘qmi, bundan qat’i nazar, rahbariyat masalasini ko‘rib chiqish kerakligini bildirgan.
«Menimcha, hozirgi rahbariyat o‘ziga bo‘lgan ishonchni saqlab qolgan holda faoliyatini davom ettira olmaydi. Uzoq vaqt davomida tizimli qoidabuzarliklarga aloqador bo‘lgan direktorlar kengashi qanday obro‘ va ishonchga ega bo‘lishi mumkin?» — dedi Bernshteyn.
Ma’lumot uchun, «Manchester Siti»ga nisbatan moliyaviy qoidabuzarliklar bo‘yicha ish yuzasidan jarayon davom etmoqda.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi