«Barselona» qishki transfer oynasida tarkibning qaysi pozitsiyasini kuchaytirishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Kataloniya klubi birinchi navbatda chap qanot himoyasiga yangi futbolchi jalb qilmoqchi.
Diario SPORT xabariga ko‘ra, «Barselona»ning asosiy e’tibori shartnomasi yakunlanayotgan futbolchilarga qaratilgan. Kataloniyaliklar shu orqali futbolchilar bilan kelishuvga erishib, ularni keyingi yozda erkin agent sifatida tarkibga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Manbaga ko‘ra, «Barselona»ning transfer ro‘yxatidan ayni vaqtda «RB Leypsig» sardori David Raum hamda «Kristal Pelas» futbolchisi Tayrik Mitchell o‘rin olgan. Har ikki futbolchi ham hozircha o‘z klublari bilan shartnomalarini uzaytirmagan.
Kataloniya klubi chap qanotdagi himoya chizig‘ini kuchaytirishni muhim vazifalardan biri sifatida ko‘rmoqda. Jamoa tarkibida ushbu pozitsiyada raqobatni oshirish uchun yangi futbolchi olib kelish variantlari o‘rganilmoqda.
Ma’lumot uchun, «Barselona» La Liga turnir jadvalida yetti turdan so‘ng 21 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.