European Football Clubs (EFC) tashkiloti rahbari Nosir Al Xilayfiy jahon futbol klublarining manfaatlarini ifoda etuvchi yangi assotsiatsiya tuzish zarurligini ma’lum qildi. U bu haqda tashkilotning umumiy yig‘ilishida gapirdi.
Al Xilayfiyning so‘zlariga ko‘ra, futbol klublari bugun avvalgidan ko‘ra ancha global maqomga ega. Shu bilan birga, ular o‘z mahalliy jamoalari bilan aloqalarini saqlab qolmoqda. EFC rahbari klublarning dunyo miqyosidagi ta’siri kuchaygani sababli ularning manfaatlarini yanada kengroq himoya qilish kerakligini ta’kidladi.
«Bugun klublarimiz har qachongidan ham global va xalqaro maqomga ega. Shu bilan birga, ular o‘z mahalliy jamoalarining bir qismi bo‘lib qolmoqda. Futbolchilar, murabbiylar, musobaqalar, muxlislar, klub egalari va hamkorlarning barchasi mahalliy ildizlarga ega, ammo global ta’sir ko‘rsatmoqda», — dedi Al Xilayfiy.
Uning fikricha, aynan shu sababli World Football Clubs nomli tashkilotni tuzish vaqti kelgan. Al Xilayfiy yangi assotsiatsiya dunyoning barcha klublariga vakillik va o‘z ovoziga ega bo‘lish imkonini berishi kerakligini aytdi.
«Dunyodagi har bir klub vakillikka ega bo‘lishi, o‘z ovozini bildira olishi va muvaffaqiyatga erishish uchun yaxshiroq imkoniyatga ega bo‘lishi kerak», — dedi EFC rahbari. Uning so‘zlarini tashkilotning rasmiy sayti keltirdi.
Al Xilayfiy klublar o‘rtasidagi hamkorlik muhimligini ham ta’kidladi. U katta va kichik klublar bir-biriga ehtiyoj sezishini, futbol rivoji uchun barcha manfaatdor tomonlar birgalikda harakat qilishi kerakligini qayd etdi.
Jurnalist Ben Jeykobsning yozishicha, yig‘ilishning ayrim ishtirokchilari World Football Clubs loyihasini norasmiy «oltinchi konfederatsiya» sifatida baholagan. Ularning fikricha, bunday tashkilot FIFA va uning prezidenti Janni Infantinoning futboldagi vakolatlariga qarshi muqobil markazga aylanishi mumkin.
Ma’lumot uchun, EFC avval European Club Association (ECA) nomi bilan faoliyat yuritgan va Yevropa futbol klublari manfaatlarini ifoda etuvchi tashkilot hisoblanadi.