Italiya futbol federatsiyasi (FIGC) texnik direktori Paolo Maldini agar tashkilot Andrea Pirlo'ni Italiya milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlashga to'sqinlik qilsa, iste'foga chiqishi mumkin. Bu haqda La Gazzetta dello Sport xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, Maldini FIGCdagi lavozimini faqat yangi bosh murabbiy nomzodini mustaqil tanlash huquqi saqlanib qolishi sharti bilan qabul qilgan. Agar federatsiya rahbariyati Pirlo nomzodini rad etsa, Paolo buni o'z vakolatlarining cheklanishi sifatida baholab, iste'fo masalasini ko'rib chiqishi mumkin.
Xabar qilinishicha, Maldini avvalroq Antonio Konte va Roberto Manchini nomzodlarini rad etgan. Uning fikricha, Kontening klublarni tez-tez almashtirishi salbiy omil bo'lgan. Manchinining esa 2023 yilda Italiya milliy jamoasini tark etganidan keyingi faoliyati yetarlicha ishonchli taassurot qoldirmagan.
Xosep Gvardiola bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan so'ng, Paolo va federatsiya maslahatchisi Leonardo 47 yoshli Andrea Pirlo nomzodiga to'xtalgan. Ular Pirlo'ni zamonaviy futbol konsepsiyasiga mos mutaxassis deb hisoblamoqda.
Biroq Pirlo'ning Rossiya bukmekerlik kompaniyasining global elchisi sifatidagi faoliyati bahs-munozaralarga sabab bo'lmoqda va uning Italiya milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanishini qiyinlashtirmoqda.
Pirlo ushbu vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqqan bo'lsa-da, Italiya futbol federatsiyasi prezidenti Jovanni Malago tayinlov jarayonini vaqtincha to'xtatib qo'ygan.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi