Fransiya milliy jamoasi va Madridning «Real» klubi yarimhimoyachisi Eduardo Kamavinga Millatlar ligasi guruh bosqichi 2-turida Belgiyaga qarshi bo‘ladigan bahs oldidan o‘z vazifalari haqida gapirdi.
28-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan bellashuv oldidan Kamavinga yarimhimoyachilar hujumchilarning himoyadagi kamchiliklarini qoplashga tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, Fransiya milliy jamoasida hujum chizig‘idagi futbolchilardan asosiy talab — gol urish va jarima maydonida faol harakat qilish.
«Yarimhimoyachi bo‘lganingizda, vaziyatni qoplashni bilishingiz kerak. Hujumchilar har doim ham eng yaxshi himoyachilar bo‘lavermaydi. Fransiya milliy jamoasida hujumchilarimizning darajasi yuqori ekani biz uchun omad», — dedi Kamavinga.
«Men hujumchilardan haddan tashqari ko‘p yugurishni talab qilmayman. Ulardan o‘z vazifalarini samarali bajarishni — gol urishni, jarima maydonida faol bo‘lishni va vaziyatlarni hal qilishni so‘rayman. Agar buning uchun qora ishni qilishim kerak bo‘lsa, men buni qilaman. Bundan muammo ko‘rmayman», — deya uning so‘zlarini RMC Sport keltiradi.
Eslatib o‘tamiz, Belgiya va Fransiya milliy jamoalari o‘rtasidagi bahs Millatlar ligasi guruh bosqichi 2-turidan o‘rin olgan.
Ma’lumot uchun, mazkur bellashuv 28-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanishi belgilangan.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi