Live
1
O'zbek

Islom Ahmedov — "Dinamo" ustidan g'alaba, jamoaning falsafasi, Boltaboyev va Golbanning yo'qligi haqida

Futbol
28 aprel, 22:25
"Andijon" bosh murabbiyi Superliga 10-turidagi irodali g'alabadan so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi
     Izzatillayev Aʼzamjon
Aʼzamjon Izzatillayev Editor
Islom Ahmedov — "Dinamo" ustidan g'alaba, jamoaning falsafasi, Boltaboyev va Golbanning yo'qligi haqida
Foto: FC Andijon
28.04.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Andijon Andijon 2 : 1 Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand

Superliga 10-turidan oʻrin olgan “Andijon” – “Dinamo” (2:1) bahsidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar ustozi Islom Ahmedov ishtirok etdi.

— Avvalambor, Andijon xalqimizni, muxlislarimizni, viloyat hokimimizni, rahbarlarimizni bugungi qiyin bo'lgan g'alaba bilan tabriklayman. Oson bo'lmadi. Oldindan buni bilardik. Sababi, "Dinamo"da yaxshi saralangan futbolchilar yig'ilgan. Ba'zida ularga qaerdadir omad yetishmayapti. O'yin uslubi va tajribali murabbiyi bor. O'yinning shunday qiyin kechishini bilgan edik. Futbolchilarimizga rahmat aytaman, barchasi xarakter ko'rsatishdi va ikkinchi bo'limda g'alabani olib ketdik. Shu o'rinda men jamoamizning ko'rinmas kuchlariga alohida rahmat aytmoqchiman. Rahbariyat, murabbiylar shtabidan tortib, har bir xodim, to oshpaz, qorovullargacha — jamoamizda mehnat qilayotgan barcha ishchi xodimlarimizga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Biz barchamiz bir jamoa, bir kuch bilan mehnat qilyapmiz va g'alabalarimiz zamirida ularning ham katta mehnatlari yotibdi.

— "Bunyodkor" bilan o'yinda boshqa tarkib tushgandi. Bu safar ham boshqa tarkib. Bu raqibga moslab qilinayotgan taktikami?

— Ochig'i, biz "Andijon"ni qabul qilganimizdan keyin hech qaysi raqibga moslanmasdan o'zimizning o'yin uslubimizni yaratishni boshladik. Ichki raqobatni ham kuchaytirdik. Kim o'yin kuniga optimal formada bo'lsa, o'ynashi kerak va shu yo'nalish bilan ishlayapmiz. Bu o'z samarasini beryapti.

— Mavsum boshidan beri murabbiylar shtabidasiz. Sizning boshchiligingizda jamoa 3 ta o'yinda 7 ochko oldi. Babayan boshqaruvida esa 6 ochko olingan. O'sha paytda nima yetishmagan?

— Samvel Vyacheslavovich — tajribali murabbiy. Ularga 3-o'rin vazifasi qo'yilgandi. Qo'ldan kelganicha u odamning falsafasi bo'yicha ishlab yordam berdik. Omad kelmadi. Keyin biz qabul qilganimizdan so'ng boshqa falsafaga o'tdik.

— O'yinchi almashtirishlar ham juda yaxshi reaktsiya beryapti. "Bunyodkor" bilan uchrashuvda ham bu narsa sezilgandi. Ushbu o'yinda ham kuzatildi va zaxiradan tushgan Ashortiya bilan Temirov g'alaba keltiruvchi gollarni urishdi. Zaxiradan maydonga tushayotganda ularning gol urishiga qanchalik ishongandingiz va qanday ko'rsatmalar bergandingiz?

— O'yindan oldin yigitlar bilan alohida gaplashyapmiz. Sen asosiy tarkib futbolchisisan, deya ularga yaxshilab tushuntiryapmiz. Ikkinchi bo'limda maydonga tushib o'yinni yanada kuchaytirishimiz kerak. Buni ularga singdiryapmiz va o'zlarini zaxira futbolchisi emas, balki asosiy tarkib a'zosi sifatida his qilib, harakat qilishyapti va borini berishyapti. Xudoga shukr, ichki muhitimiz bu orqali yaxshilanib boryapti.

— O'yin boshida paslar bilan o'ynashga harakat qildingizlar. "Dinamo" pressing qilgach, boshqa taktikaga o'tdinglar. "Bunyodkor" bilan o'yinda "svyazka" yaxshi ishlagandi. Negadir ikkinchi bo'limda o'rtada paslar o'xshamadi, balki pressing hisobigami?!

— Xohlaysizmi-yo'qmi, "Dinamo" jamoasidan ko'ra biz bir kun kamroq dam oldik. Barbiri futbolchilar toliqish his qilishdi. Oldindagi o'yinchilarimiz o'tgan uchrashuvda ikkinchi bo'limda tushib to'liq o'ynashgandi. Biros toliqish hisobiga zonalardan chiqib keta olmadik. Ikkinchi bo'limda tushuntirganimizdan va to'pni yerga qo'yib futbol o'ynashni boshlaganimizdan keyin hammasi joyiga tushdi. O'z uyimizda o'ynayotganimiz uchun barbiri yigitlarda bosim biroz sezildi. Xato qilib qo'ymaslik uchun oddiyroq o'ynashga harakat qilishdi. Tanaffus paytida ularga "xato qilishdan qo'rqmanglar, mas'uliyatni o'z bo'ynimizga olamiz, sizlar maza qilib futbol o'ynab rohatlaninglar, xato qilsanglar biz bo'ynimizga olamiz" deb tushuntirdik. Maydonga chiqib, erkin o'ynashni boshlashdi.

— Raqib tomonidan maydon maysasi ataylab o'stirilganmi, degan ma'noda fikr bildirildi. Bu borada nima deysiz? Shuningdek, Boltaboyev bilan Golbanning holati qanday?

— Ikkita o'yinimizni kuzatgan bo'lsangiz biz birinchi zonadan qisqa va o'rta paslar orqali chiqib ketishga harakat qilyapmiz. Ochig'i, maydonning bunday holatda ekanligidan bizning ham xabarimiz yo'q edi. O'zimiz ham biroz ranjidik. Chunki o'yin falsafamiz to'pni nazorat qilib, hujum tayyorlashga qurilmoqda. Texnik sabablarga ko'ra maydon holati shunday bo'lgandir, biz bilmaymiz. Chunki alohida sport bazamiz bor, o'sha yerda shug'ullanamiz. Kecha ham bu yerga mashg'ulot o'tkazgani kelmadik, bazamizda shug'ullandik. Bizning futbol to'p nazorati va paslar orqali, havodan uzatmalar bizda yo'q.

Ikkinchi savolga kelsak, Golban oxirgi o'yinda orqa payini yirtib olgandi. Hozir tiklanish jarayonida. Boltaboyevda hammasi yaxshi. Unga ham imkoniyat beriladi.

— Bungacha ikkita o'yiningiz safarda bo'lgandi. "Bobur arena"dagi birinchi o'yiningiz bo'ldi. Debyutingizni o'tkazdingiz. To'g'ri aytdingiz, bosim bor edi va bu yerda o'ynash oson emas.

— Albatta, bunday muxlislari bor jamoa doim g'alaba qozonishi kerak. Ular ham bizdan faqat g'alabani kutishadi. Shu bois tezroq gol urib, natija qilishga ba'zida shoshilib ketishadi. Xato qilmaslik uchun oddiy o'ynashga harakat qilishadi. Bosim bor. Chunki muxlislar doim g'alabaga loyiq. Bu albatta yaxshi tomonga, g'alabaga turtki ham bo'ladi. Ikkinchi bo'limda kuch topishdi, har bir hujumni muxlislar qo'llab-quvvatlagan sari futbolchilarimizda kuch va shijoat oshib borib, yakunda g'alaba qozondik, — deya Ahmedovning so'zlarini keltiradi klub matbuot xizmati.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Andijon Andijon
  • Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar