Madridning «Real» klubiga tegishli yarimhimoyachi Niko Pas faoliyatini Italiyaning yana bir top-klubida davom ettirishi mumkin.
Insayder Janluka Di Marsioning xabariga ko‘ra, milanlik «Inter» 21 yoshli futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda.
Manbaga ko‘ra, «Real» yozda Pasni «Komo»dan qaytarib olish huquqiga ega. Shundan so‘ng «Inter» madridliklar bilan transfer bo‘yicha muzokaralarni boshlashni rejalashtirgan.
Qayd etilishicha, argentinalik yarimhimoyachining o‘zi ham A Seriyada qolishga qarshi emas.
Niko Pas o‘tgan mavsum Italiya chempionatida 35 ta bahsda maydonga tushib, 12 ta gol urdi va 6 ta assist amalga oshirdi. Shuningdek, u mavsum davomida 5 ta sariq kartochka oldi.
Ma’lumot uchun, Niko Pas «Real» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Yosh yarimhimoyachi 2025/26 yilgi mavsumda «Komo» safida o‘zining yorqin o‘yini bilan A Seriyaning eng iqtidorli futbolchilaridan biri sifatida e’tirof etildi.