«Chelsi» himoyachisi Uesli Fofana tez-tez takrorlangan jarohatlar sabab futbolchilik faoliyatini yakunlash haqida o‘ylaganini tan oldi. Biroq 25 yoshli futbolchining agentlari unga moliyaviy tomonni ham hisobga olishni maslahat berishgan.
«Shunday davr bo‘ldiki, menda tizzaning oldingi xochsimon bog‘lamlari va menisk bilan bog‘liq jarohatlar yuzaga keldi. Enso Mareska qo‘l ostida ikki marta son mushaklarimdan jarohat oldim. Bu futbolni tashlashni xohlagan davrim edi.
Bu rost, chunki hayotimda shunday nuqtaga kelgandimki, endi o‘zimni baxtli his qilmasdim. Bu faqat jarohatlar yoki maydonga tushmayotganim bilan bog‘liq emasdi. Men endi avvalgi inson emasdim.
Bu holat menga juda qattiq ta’sir qildi va ruhan azob berdi. Haqiqatan ham bundan keyin faqat jarohat olishda davom etishimga, futbol men uchun emasligiga ishona boshlagandim.
Abu Diabining misoli yodimga tushdi. O‘z avlodimning Abu Diabisiga aylanaman, deb o‘yladim. Axir kimdir shunday futbolchi bo‘lishi kerak. Balki bu mening taqdirimdir.
Buni qabul qilishga qaror qildim. Orzumdan ayrilish og‘ir bo‘lishini bilardim. Agentlarim bilan o‘tirib, ularga: «Ha, qarorim qat’iy, futbolni tark etaman», dedim.
Shundan so‘ng ular men bilan shartnoma va boshqa masalalar haqida gaplasha boshlashdi.
Ular menga shunday deyishdi: «Har holda, hammasi oddiy: sening hali shartnomang bo‘yicha ko‘p yillaring bor va ishlab topishing mumkin bo‘lgan katta mablag‘ mavjud. Hatto futbolni tashlashga qaror qilgan bo‘lsang ham, har kuni mashg‘ulotlarga kelib, tabassum bilan yurishing mumkin. Jarohating tufayli zaxira o‘rindig‘ida qolsang ham, sening shartnomang bor. Hech bo‘lmaganda kelajaging uchun shartnoma muddatini oxirigacha bajarishing kerak».
Ha, ularning gaplarida jon bor edi», — deya Fofananing so‘zlarini keltiradi Football London.
Fofana: «Jarohatlar sabab futbolni tashlashga yaqin edim»
Futbol
27 noyabr, 01:10
7
«Chelsi» himoyachisining aytishicha, agentlari uni fikridan qaytarishgan.
Foto: Getty Images
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi