«Roma» hujumchisi Paulo Dibala Chempionlar Ligasi umumiy bosqichining navbatdagi turidan o‘rin olgan «PSJ»ga qarshi uchrashuv oldidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Argentinalik futbolchi raqibning darajasi va kuchli tarkibi rimliklarni qo‘rqitmasligini ta’kidladi.
«Ehtimol, ayni paytda bu Yevropaning eng yaxshi jamoasidir. Ular haqiqatan ham buyuk murabbiy qo‘l ostida ajoyib futbolchilar bilan yuqori darajadagi barqaror o‘yin namoyish etmoqda.
Biz ularni hurmat qilishimiz kerak, bu aniq. Raqibning qanchalik kuchli ekanini juda yaxshi tushunamiz. Lekin biz hech kimdan qo‘rqmasligimiz kerak. Bizning ham o‘z qurollarimiz bor.
Men jamoadoshlarimga, murabbiyimizga va bunday muhim uchrashuvga qanday tayyorgarlik ko‘rganimizga to‘liq ishonaman», — dedi Dibala.
Eslatib o‘tamiz, «PSJ» Chempionlar Ligasining amaldagi g‘olibi hisoblanadi. Parijliklar musobaqaning ushbu mavsumida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, umumiy bosqich turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.
Avvalroq Dibalaning «Roma» bilan shartnomasini uzaytirishi ma’lum qilingandi.