Elit Osiyo Chempionlar ligasi 5-turidan o'rin olgan «Neftchi» va «Al Hilol» bellashuvidan so'ng farg'onaliklar bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
«Ruxsat bersangizlar, futbolchilar bilan faxrlangan holatda bugun «Neftchi» jamoasi maydonda «Al Hilol»ga hech qanday imkoniyat berishgani yo'q. Yigitlar bilan faxrlanaman. Bugun butun Farg'ona va balki O'zbekiston yigitlardan faxrlanishdi deb bemalol ayta olaman. Stadionga kelib, bizni qo'llab-quvvatlagan barcha muxlislarimizga minnatdorchilik bildiraman.
- Birinchi bo'limdagi holat «Paxtakor» va «An Nasr» bahsini eslatib yubordi. Tanaffusdan keyin jamoa o'yinini o'zgartirish uchun nimalar amalga oshirildi?
- Birinchi bo'limda yomon harakat qilmagandik. Yaxshi o'yin o'tkazdik. Ammo biroz oddiy xatolar sabab gol o'tkazib yubordik. Buni tabiiy qabul qilishimiz kerak. Chunki raqib tarkibida yaxshi ijrochilar bor. Ular o'z imkoniyatlaridan unumli foydalandi. Tanaffus vaqtida futbolchilarni keragidan ortiq ruhlantirib yuborishimiz bizning zararimizga ishlashi mumkin edi. «Al Hilol» bundan foydalanib, hisobni yanada yiriklashtirib yuborishi ham mumkin edi. Shundan kelib chiqib, yigitlarga shoshilmaslik uqtirildi. Birinchi navbatda himoyada to'g'ri o'ynash va raqibga imkoniyat bermaslik va qarshi hujumlarda ehtiyot bo'lishimiz aytildi. Yigitlarga ishonch berdik. Tanaffusdan keyin tartibli o'yin namoyish qildik. Futbolchilarimiz zo'r futbol ko'rsatishdi. Yana bir bor ularga minnatdorchilik bildiraman.
– Kecha o'yindan oldingi matbuot anjumanida shunday savol bergan edim: ushbu grand jamoa ustidan g'alaba qozonish mumkinligini, maydonda pul yoki nomdor o'yinchilar hal qiluvchi ahamiyatga ega emasligini futbolchilarga singdira oldingizmi? Endi «Istiqlol»ga qarshi uchrashuv oldidan holat qanday? Abror Ismoilovning jarohati borligi haqida eshitdik. Uning jarohati jiddiymi yoki yo'qmi? Abror «Istiqlol» bilan bahsda maydonga tusha oladimi?
– Birinchi savolga to'xtaladigan bo'lsak, kecha ham ta'kidlagan edim – garchi buni ko'pchilik turlicha talqin qilgan bo'lishiga qaramay, «Al Hilol» jamoasining qanday salohiyatga ega ekanini barcha biladi, ertaga esa maydonda raqib ham «Neftchi» qanday jamoa ekanini bilib oladi, degandim. Bugun bu so'zlarimizni maydonda amalda isbotlab berdik. Abror Ismoilovga kelsak, uning jarohati darajasini hozir aniqlaymiz. O'ylaymanki, u «Istiqlol»ga qarshi o'yingacha tezroq tiklanib, saflarga qaytadi.
- «Neftchi» Superliga chempionligiga yaqin. Murabbiy sifatida sizda kayfiyat qanday? Qolaversa, jamoa kelasi yilda ham o'z oldiga yuqori maqsadlar qo'yadimi?
- Kayfiyat ham o'zgarib turibdi. Chunki o'yinlar soni ko'p. Hech biri oson bo'lmayapti. G'alaba va mag'lubiyat bo'lyapti. Bu jihatlar murabbiylarga ta'sir qilmoqda. «Neftchi» har doim o'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'yadi. Bu borada rahbariyat doimo aniq vazifalar qo'yadi. Yildan-yilga reja va maqsadlarimiz yanada kattalashmoqda. Umid qilamanki, kelasi yilda ham yanada yuqori maqsadlar qo'yiladi, tarkib ham kuchaytiriladi.
- «Neftchi» «Al Hilol»ga qarshi o'yinda ko'p kuch sarflab qo'ymadimi? Bu «Dinamo»ga qarshi bahsga ta'sir qilmaydimi?
- Keyingi o'yingacha 5 kun vaqtimiz bor. Bu bahsgacha jamoa to'liq tiklana oladi. Murabbiylar shtabida ishlab chiqilgan dasturlar bor. Aynan shu jihat asosida harakat qilamiz. Bu futbol. «Dinamo» ham juda yaxshi. Istalgan raqibga qarshilik ko'rsatadi, ularni yuta oladi. Vadim Abramovning qanday tajribaga ega ekanligini bilamiz. Shunga qaramay, uyda bugungidan ham ko'proq ishtiyoq bilan harakat qilamiz. Muxlislarimizga ketma-ket ikkinchi chempionlikni taqdim qilishga harakat qilamiz. Bugundan bor e'tiborni «Dinamo»ga qarshi bahsga qaratamiz», - dedi Ismoilov.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi