«Barselona» sport direktori Deku ispaniyalik yarim himoyachi Rodri Ernandesning Kataloniya klubiga o‘tishi haqida gapirib o‘tdi.
«Jamoamizda energiya yetishmayotganini his qilgandik. Ayniqsa, Rafinya maydonda bo‘lmagan paytlarda bu yaqqol sezilardi.
Shuningdek, maydon markazida muvozanatni saqlash va o‘yinni nazorat qilishda ayrim muammolarimiz bor edi.
Rodrini qo‘lga kiritish imkoniyati paydo bo‘lganida, bosh murabbiy bilan uning jamoamizga zarur muvozanatni ta’minlay olishi borasida bir fikrga keldik», — deya Dekuning so‘zlarini keltiradi Barça Universal nashri.
Qayd etish joiz, yozgi transferlar oynasida Rodri «Manchester Siti»dan «Real»ga o‘tishga juda yaqin bo‘lgan. Biroq madridliklar so‘nggi lahzalarda kelishuv shartlarini o‘zgartirgan va bu «Barselona»ga muzokaralarga qo‘shilish imkonini bergan.
Natijada 30 yoshli yarim himoyachi Kataloniya klubi safiga kelib qo‘shildi. Rodri hozirga qadar «Barselona» tarkibida barcha musobaqalarda 14 ta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi.
Avvalroq Rodri 1 oyga safdan chiqqani ma’lum qilingandi.