«Sanderlend» hujumchisi Brayan Brobbey faoliyatini «Chelsi»da davom ettirishi mumkin. Bu haqda jurnalist Saymon Fillips xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, «ko‘klar» niderlandiyalik 24 yoshli forvardning o‘yinini kuzatishda davom etmoqda. Brobbey yangi mavsumni yuqori saviyada boshlagani sababli londonliklarning unga bo‘lgan qiziqishi yanada kuchaygan.
Qayd etilishicha, «Chelsi» Brobbeyni hali yozgi transferlar oynasi davridayoq o‘zining ehtimoliy transfer maqsadlari ro‘yxatiga kiritgan. Hozir esa klub uni yanada jiddiyroq kuzatmoqda.
Shuningdek, «Nyukasl» va «Aston Villa» jamoalari ham Brayan atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.
Brobbey joriy mavsumda barcha turnirlarda oltita uchrashuvda maydonga tushib, uchta gol urdi.
Hujumchining «qora mushuklar» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilgacha mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 40 million yevro atrofida baholanmoqda.