«Bavariya» bosh direktori Yan-Kristian Drizen jamoa vingeri Maykl Olise bilan shartnomani uzaytirish borasidagi rejalar haqida gapirdi. Uning ta’kidlashicha, muzokaralar uchun qulay fursat kutilmoqda.
«Keynning «Oltin to‘p» uchun kurashda g‘alaba qozonishi Maykl Olise uchun shartnomani uzaytirishga ishora bo‘la oladimi? Albatta, bu Mayklga to‘g‘ri joyda ekanini anglatadigan ishora. Muzokaralar boshlandimi? Kerakli vaqt kelganida ularni boshlaymiz. Ammo yana ikki yil kutib o‘tirmaymiz», — deya Drizenning so‘zlarini keltiradi Abendzeitung.
24 yoshli Olise ushbu mavsumda barcha musobaqalarda 15 ta bahsda maydonga tushib, 12 ta gol urdi va yettita golli uzatmani amalga oshirdi.
Eslatib o‘tamiz, Olisening «Bavariya» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilgacha mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun, Transfermarkt portali fransiyalik vingerning bozor qiymatini 180 million yevroga baholamoqda. «Bavariya» prezidenti Gerbert Hayner esa klub Oliseni uzoq yillar davomida jamoada saqlab qolmoqchi ekanini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Myunxen klubi sotuvchi emas, xaridor klub hisoblanadi.