«Bavariya» yarimhimoyachisi Yozua Kimmix jamoadoshi Jamol Musialani qo‘llab-quvvatlab bildirgan fikrlari uchun klub tomonidan jazolanmaydi. Bu haqda Bild nashri xabar bermoqda.
Avvalroq Kimmix Musialaning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar fonida klub rahbarlarining vaziyat yuzasidan ommaviy izohlarini tanqid qilgandi. Futbolchi rahbariyatning bu boradagi bayonotlarini nomaqbul deb atagan.
Bild ma’lumotiga ko‘ra, Kimmix ushbu chiqishiga oldindan tayyorgarlik ko‘rgan va fikrlarini puxta o‘ylab bildirgan.
Hozircha «Bavariya» rahbariyati yarimhimoyachini jarimaga tortishni rejalashtirmayapti, biroq yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Klubning sport rahbariyati Musiala bilan bog‘liq vaziyatga yana e’tibor qaratilishini va mojaroni davom ettirishni istamayapti.
Shuningdek, klub Kimmixning tanqidini muvozanatli deb hisoblamoqda. Futbolchi rahbariyatning pozitsiyasini tushungan, faqat uning bayonot berish shaklini tanqid qilgan.