«Bavariya» bosh direktori Yan-Kristian Drezen Jamol Musiala haqidagi so‘zlariga izoh berdi.
Avgust oyida Myunxen klubining 23 yoshli yarim himoyachisi ketma-ket ikki uchrashuvda o‘zini yomon his qilgan, unga tibbiy yordam ko‘rsatilib, maydonni tark etishiga to‘g‘ri kelgandi. Keyinchalik germaniyalik futbolchida nevrologik disfunksiya tufayli yuzaga keladigan, qisqa muddatli, ammo oson davolanadigan absanslar (ongning qisqa muddatga uzilib qolishi) aniqlangani ma’lum bo‘ldi.
Noyabr oyi boshida klubning faxriy prezidenti Uli Hyones quyidagicha fikr bildirdi: «U avval namoyish etgan darajasiga yana qaytishi mumkinmi — bu ham hali savol ostida...»
Keyinchalik Drezen Hyonesning so‘zlariga munosabat bildirib, shunday degandi: «Umid qilamizki, Jamol avvalgi darajasiga qaytadi. Aks holda, uning oilasi va agentlari bilan barcha masalalarni muhokama qilishimizga to‘g‘ri keladi».
22-noyabr kuni Drezen bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «Bavariya» fan-klubi vakillari klubning Musiala bilan bog‘liq vaziyatni boshqarish usulini tanqid qilishdi.
Drezen ularga javoban quyidagilarni aytdi: «Sizlarning e’tirozlaringizni inobatga olaman. Men ham bu masala bo‘yicha omma oldida o‘z fikrimni bildirganman. Hyonesning so‘zlarini izohlashga harakat qildim va u ham vaziyatni to‘g‘ri tushundi.
Biz Jamolga o‘ziga kerak bo‘lgan vaqtni beramiz. Shunday qilishimiz shart. Men shunchaki: «Hech narsadan xabarim yo‘q va hech narsa demoqchi emasman», deb ayta olmayman. Bu men ataylab fikr bildirishga uringan mavzu emasdi.
Mening lavozimim futbolchi haqida qayg‘urishni taqozo etadi. Shuning uchun Jamolga avvalgi darajasiga qaytishi uchun zarur bo‘lgan vaqt berilishini tushuntirishga harakat qildim.
Jamolning sportdagi kelajagi biz uchun nihoyatda muhim. U — ajoyib futbolchi. Ammo bizning yana bir mas’uliyatimiz bor: nafaqat futbolchi, balki klub oldida ham javobgarmiz. Bu har qanday kompaniyadagi holatga o‘xshaydi: agar xodim o‘z vazifalarini to‘liq bajara olmay qolsa, bu masalaga ham e’tibor qaratish kerak bo‘ladi.
Bu — futbol uchun noyob vaziyat va biz bunday holatlarni boshqarishni o‘rganishimiz kerak. Bunday absans holatlari ilgari hech qachon elita sportida, xususan, futbolda kuzatilmagan. Sizlardan bu vaziyatga tushunish bilan munosabatda bo‘lishingizni so‘rayman.
Sizlarning murojaatingizdan anglashilgan asosiy fikr shu: «Gapiring, ammo biroz pastroq ovozda». Menimcha, bu hammaga tushunarli», — dedi Drezen.
«Bavariya» bosh direktori Musiala haqidagi fikrlariga izoh berdi
Futbol
23 noyabr, 04:42
Drezen va Hyones kasal futbolchi bilan xayrlashish ehtimoli haqidagi gaplari uchun tanqid ostida qolishdi.
Foto: Getty Images