«Barselona» braziliyalik vinger Rafinya bilan yangi shartnoma imzolanganini rasman e’lon qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda jurnalist Fabrizio Romano xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kataloniyaliklar 29 yoshli futbolchi bilan 2030 yilning iyun oyigacha mo‘ljallangan yangi kelishuv bo‘yicha barcha masalalarni hal qilib bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, tomonlar o‘rtasidagi zarur hujjatlar oktabr oyining boshidayoq imzolangan. Hozirda klub futbolchining yangi agentlari bilan ham barcha tashkiliy masalalarni kelishib olgan.
Shu tariqa, «Barselona» yaqin vaqt ichida jamoa sardorlaridan biri bo‘lgan Rafinyaning shartnomasi uzaytirilganini rasman tasdiqlashi kutilmoqda.
Braziliyalik futbolchi kataloniyaliklar safidagi faoliyatini yana bir necha yil davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Klub uni uzoq muddatli rejalarining muhim qismi sifatida ko‘rmoqda.
Avvalroq Rafinya «Barselona» safida gollar soni bo‘yicha Ronaldinyo bilan tenglashgani ma’lum qilingandi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi