«Marsel» hujumchisi Meyson Grinvud faoliyatini Ispaniyada davom ettirishi mumkin.
Jurnalist Yagiz Sabunjuo‘g‘lining xabariga ko‘ra, 24 yoshli futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun kurashda aynan Madridning «Atletiko» klubi peshqadamlik qilmoqda. Yaqin kunlarda «matraschilar» futbolchining vakillari bilan muhim uchrashuv o‘tkazadi.
Manba ma'lumotiga ko‘ra, agar Grinvudning o‘zi bilan shaxsiy shartlar bo‘yicha kelishuvga erishilsa, «Atletiko» «Marsel» talab qilayotgan transfer summasini to‘lashga tayyor.
Eslatib o‘tamiz, Meyson Grinvud o‘tgan mavsum «Marsel» safida barcha musobaqalarda 45 ta uchrashuvda maydonga tushib, 26 ta gol urdi va 11 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Ma'lumot uchun, Transfermarkt portali 24 yoshli hujumchining transfer qiymatini 55 million yevroga baholamoqda. Uning «Marsel» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilgacha mo‘ljallangan.