Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 5-turida «Arsenal» o‘z maydonida Dortmundning «Borussiya» klubi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Bahsdan keyin londonliklar bosh murabbiyi Mikel Arteta jamoasining harakatlarini yuqori baholadi.
«O‘yin boshidan oxirigacha ajoyib bo‘ldi, bunga shubha yo‘q. Biz juda kuchli jamoaga qarshi o‘ynadik. Ustunligimiz va raqib darvozasi oldida yaratgan xavfimiz haqiqatan ham ta’sirli bo‘ldi. Kiyinish xonasidagi umumiy fikr shuki, biz ko‘proq narsaga loyiq edik. Futbolchilarimizning jasorati, o‘yindagi uyg‘unlik va to‘p bilan ham, to‘psiz ham bir-birini tushunishi menga juda yoqdi.
Gokeresh nafaqat urgan goli, balki jamoa bilan yaxshi hamkorlik qilgani uchun ham ajoyib o‘ynadi. Biz uni turli vaziyatlarda to‘p bilan ta’minladik va u doimo raqib uchun xavf tug‘dirdi.
Maduake ham juda yaxshi harakat qildi. Biroq kiyinish xonasiga kirganida, u o‘zidan mamnun emasdi. Chunki to‘pni darvozaga kiritishimiz va hujumlarni gol bilan yakunlashimiz mumkin bo‘lgan juda ko‘p vaziyatlar yuzaga keldi.
Biz aynan kuchli sakkizlikka kirishni istaymiz. Yakshanba kuni «Manchester Siti»ga qarshi o‘z maydonimizda muhim bahs kutib turibdi. Shu sababli yaxshilab tiklanishimiz kerak. Buning uchun to‘rt kun vaqtimiz bor. Hozirgi o‘yin sur’atimizni saqlab qolishimiz lozim, shunda g‘alaba ham keladi», — deya Artetaning so‘zlarini BBC keltirdi.