«Atletiko» hujumchisi Xulian Alvares faoliyatini Angliya Premer-ligasida davom ettirishi mumkin.
Marca nashrining ma'lum qilishicha, argentinalik 26 yoshli futbolchiga Londondagi «Arsenal» klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Manbaga ko'ra, «to'pchilar» Alvares uchun 100 million yevro hamda o'z hujumchisi Viktor Gokereshni o'z ichiga olgan almashinuv taklifini tayyorlamoqda.
O'z navbatida «Atletiko» rahbariyati Xulianni saqlab qolishni istamoqda. Biroq agar futbolchi Ispaniyadan tashqaridagi klubga o'tmoqchi bo'lsa, madridliklar takliflarni ko'rib chiqishga tayyor bo'lishi mumkin.
Avvalroq Alvares faoliyatini «Barselona»da davom ettirish istagini bildirgan edi. Biroq «Atletiko» o'z futbolchisini kataloniyaliklarga sotish niyatida emas.