Live
5
O'zbek

«Har keyingi oʻyin mening finalim» — Ilgiz Tantashev bilan mundial, tanqidlar va Paragvay - Fransiya oʻyini haqida eksklyuziv intervyu

Eksklyuziv
25 iyul, 11:47
Oʻzbekistonlik hakam JCHda uchta bellashuvni boshqardi.
«Har keyingi oʻyin mening finalim» — Ilgiz Tantashev bilan mundial, tanqidlar va Paragvay - Fransiya oʻyini haqida eksklyuziv intervyu
Фото: Getty Images

Jahon chempionatida Oʻzbekiston nomidan borgan va hakamlik qilgan Ilgiz Tantashev ham alohida eʼtiborga loyiq. Har holda u ham tarixga kirdi va yurtimizda Ermatovdan keyin u va uning brigadasi mundialda ishlagan oʻzbek hakamlari sifatida yodda qoladigan boʻldi.

Tantashev jahon chempionatidagi ishtirokini 2-turdan boshladi. Dastlab «S» guruhidagi Shotlandiya – Marokash (0:1), «J» guruhidagi Jazoir – Avstriya (3:3) hamda 1\8 finaldagi Paragvay – Fransiya (0:1) oʻyinlarini boshqardi.

Aynan Paragvay – Fransiya oʻyinidan keyin xorij nashrlarida Tantashevga nisbatan tanqidlar yuz berdi. Lekin bizning hakamlarimiz mundialda juda yaxshi ishlashdi va umumiy holatda oʻzlaridan yaxshi taassurot qoldirishdi. Axir FIFA jahon chempionatidagi eng yaxshi top-10 hakamlar roʻyxatiga Tantashevni ham kiritgani bejiz emas. Bu unga berilgan bahodir.

Ilgiz va uning brigadasi yurtimizga qaytishi bilanoq Superliga oʻyinlarida ishlashga kirishib ketdilar. Avvaliga «Paxtakor» - «Lokomotiv» bahsida, endi esa vodiy derbisi doirasidagi «Neftchi» hamda «Navbahor» uchrashuvini boshqaradi.
Tribuna.uz jurnalisti esa Tantashev bilan bogʻlanib, uni suhbatga koʻndirdi.

- Jahon chempionatidagi ishtirok bilan tabriklayman. Qolaversa, siz mundialning eng yaxshi 10 nafar hakamlari roʻyxatidan ham joy oldingiz. Taassurotlar qanday, nimalarni his qildingiz?

- Umuman olganda, yaxshi turnir oʻtkazdik. Katta tajriba oldik. Eng zoʻr mutaxassislar, hakamlar bilan tanishdik. Uchta oʻyinni boshqardik va menimcha, biz uchun juda yaxshi natija. Jahon chempionatida bilsangiz agar, 50 foiz hakamlar, masalan, kimdir bitta, kimdir ikkita oʻyin boshqardi. Yana kimlardir esa oʻyinlarni boshqarishmadi ham. Shu bois biz uchun yaxshi natija boʻldi. Albatta, 4 ta oʻyinni boshqargan hakamlar ham bor. Osiyodan faqat iordaniyalik Adam Mahadme 4 ta uchrashuvni boshqardi. Omadli oʻyinlarni oʻtkazdi. Men uchun u zoʻr mutaxassis, hurmat qilamiz, birga ishlaymiz. Aloqalarimiz juda zoʻr. Alirizo Fagʻoniy bilan ham yaxshi munosabatdamiz. Finalda hakamlik qilgan Slavko Vinchich bilan bitta etajda yashadik. Odamgarchilik sifatida ham juda yaxshi inson ekan. Turnirdan oldin koʻpchilikni tanimagandik. Keyinchalik musobaqa davomida koʻplab insonlar bilan jumladan, Marchinyak, Tyurpen kabi top hakamlar bilan tanishdik. Jahon chempionatidan bebaho tajriba oldik. Buni yosh hakamlarga, keyingi avlodlarga yetkazmoqchiman. Umid qilamanki, bu ularni oʻsishiga va top darajaga chiqishiga yordam beradi. Chunki kuchli hakamlarsiz hech qachon kuchli futbol boʻlmaydi. Shuning uchun hakamlar bizlarga ham kerak-da. Bunday yuqori darajadagi oʻyinlarni boshqarish orzum edi. Bu juda katta masʼuliyat, faxr. Shunday katta futbol forumida davlatimiz nomidan qatnashish orzu boʻlgan va bu bilan faxrlanaman.

- Mundialdagi boshqargan oʻyinlaringiz chogʻidagi eng kulminatsion nuqta Fransiya – Paragvay oʻyini boʻldi. Unda fransuzlar qiyinchilik bilan yutishdi. Paragvay oʻyinni koʻpincha provakatsiya bilan oʻtkazdi. Oʻyindan keyin sizlarga nisbatan tanqidlar bildirildi. Nega sariq, qizil kartochkalar koʻrsatmadi, degan gap-soʻzlar ham boʻldi. Oʻyin qanaqa kechdi?

- Qarang, biz har qanday uchrashuvdan oldin tayyorgarlik koʻramiz. FIFAda shunday mutaxassislar borki, ular oʻyindan avval bizga koʻrsatmalar berishadi. Misol uchun, bu jamoa mana bunday, unisi esa boshqacha oʻynaydi, ularni potensiali qanday, nimaga ahamiyat berishadi, xullas, barcha jarayonlar boʻyicha bizga maʼlumotlar beradilar. Shunga qarab biz ham taktika tanladik-da. Oʻyin boshida yoʻq joydan yoki koʻrmagan vaziyatlar uchun yo shunchaki his qilgan holda sariq kartochka bersangiz bu ham notoʻgʻri. Agar oʻz koʻzingiz bilan koʻrib kartochka bersangiz bu oson. Agar shunchaki hissiyotga asoslanib bersangiz bu tavakkalchilik. Chunki u 5 yoki 10 daqiqadan keyin ikkinchi sariq kartochkani olishi mumkin. Natijada oʻyindan keyin ular hakamni ayblaydi.

Uchrashuv boshidan Paragvay futbolchilari keskin oʻynashni boshladi. Lekin jiddiy vaziyatlarni koʻzim bilan koʻrganim yoʻq. Balki oʻsha joyda profilaktika qilsam men yutaman, deb oʻyladim. Kilian Mbappe bilan gaplashganimda unga tushuntirdim. Bilasizmi, agar Paragvay futbol oʻynasa hech qachon Fransiyani yuta olmaydi. Ularning oʻyin sifati boshqa, buni hamma biladi. Ular qaysi yoʻl bilan yutishi mumkin? Oʻyinni buzib, provakatsiya qilib, futbol oʻynamasdan yutishi mumkin. Mbappe bitta vaziyatda pas berganidan keyin raqib uni qoʻliga urdi. Kilian yiqildi. Men oʻsha detallarni koʻrmagandim. Qarasam, Mbappe maydonda yotibdi. Yoniga borib, "Kilian, hammasi yaxshi, kel oʻrningda turgin, qoʻpol kontakt boʻlmagan", dedim. Ammo oʻshanda sezdimki, men nimanidir oʻtkazib yubordim. Chunki oʻz koʻzingiz bilan koʻrmasangiz qaror chiqarish qiyin. Baya aytganimdek, agar sariq bersangu, oradan koʻp oʻtmay yana qoʻpollik qilib unga ikkinchi sariqni koʻrsatsangiz maydondan haydashga majbur boʻlasiz. Men uchun nimasi yaxshiki, oʻyinni tahlil qilib chiqdim. Kartochkalarsiz va jarohatlarsiz oʻtdi. Bu bir tarafdan yaxshi. Lekin uchrashuvdan keyingi oʻzaro yigʻilishimizda menga uchta vaziyatni koʻrsatib berishdi, sariq kartochka koʻrsatishing kerak edi, deb. Ammo oʻsha vaziyatlarni koʻrishim juda qiyin edi, bu huddi deyarli imkonsiz edi. Boshliqlarimiz aytdiki, bunday vaziyatlarda butun hakamlar jamoasi eʼtibor qaratishi kerak dedi. Kim nima desa ham oʻyin uchun javobgar shaxs men. Oʻzim hammasini boʻynimga oldim. Tan olaman, uchta vaziyatda sariq kartochka berilishi kerak boʻlgan holatlarni oʻtkazib yuborganman. Biroq bu fojea emas. Oʻyinni yaxshi tamomladik. Uchrashuvdan soʻng qandaydir janjallar, jarohatlar, qizil kartochkalar boʻlmagan. Ha, xatolar boʻlgan va zoʻr boshqardik, deb boʻlmaydi. Biroq bu xatolar fojeali emas. Agar xato oʻyinga, natijaga taʼsir qilsa, bu rostdan ham katta xato boʻladi. Shunday xatoga yoʻl qoʻyganimizda keyingi kuni uyga qaytishimizga toʻgʻri kelardi. Oʻylaymanki, yomon boʻlganida FIFAni xulosasiga koʻra ketardik. Ammo xatolar oʻyinga taʼsir qilmagan. Aslida kasbimizda tanqid normal holat. U seni doim hushyor turishga majbur qiladi.

- Fransiya – Paragvay oʻyinidan keyin sizlarga nisbatan tanqidlar bildirilgach, FIFA hakamlarni chetlatibdi, degan gap-soʻzlar ham chiqdi…

- Birinchidan, FIFA hech nima demagan. Aytganimdek, oʻyinga taʼsir qiluvchi xatolar yuz bergani yoʻq. Ha, ishchi holatida xatolar boʻlgan, sariq kartochkalar koʻrsatmaganman, buni tan olishim kerak, chunki bu fakt. Fransiyani mediasi oʻz jamoasini himoya qilish uchun va balki ular boshqa natija kutgan, shu bois ular nimadirlar yozishgan. Agar bizni milliy jamoamizga nisbatan ham biror hakam notoʻgʻri qarorlar chiqarsa, mediamiz "hujum" qiladi va bu normal. Chunki hamma oʻz jamoasini himoya qiladi. Xuddi shunaqa fransuzlarda boʻlgan. Mayli, normal qabul qildim. Taʼkidlaganimdek, hakamlik kasbi doimiy tanqidda yuradi. Necha yildan beri hakamlik qilayotgan boʻlsam, bunga oʻrganganman. Tanqid boʻlyaptimi, demak ishlash va oʻsish tomonlarimiz bor.

- Bungacha oʻzbek hakamlaridan faqat Ravshan Ermatov mundiallarda ishlagandi. Undan keyin Ilgiz Tantashev va uning brigadasi jahon chempionatida ishladi va bu orqali tarixga kirdinglar. Endi bundan keyingi rejalaringiz qanday?

- Chempionatdan oldin ham shunday reja qilardimki, keyingi oʻyin mening finalim boʻladi. Har doim shunaqa idea bilan yashaganman va hozir ham shunday. Keyingi oʻyin men uchun juda muhim. Navbatdagi musobaqalarga boramanmi-bormaymanmi, reja qilmagamman. Hakamlik hayotida hech qachon bilmaysizki, qanaqa oʻyinda ishlashingizni. Meni keyingi oʻyinim Fargʻonada boʻladi. Shuning uchun ayni paytda bor eʼtiborim shu oʻyinga qaratilgan. Boshqa narsa meni umuman qiziqtirmaydi.

- Yuqorida aytib oʻtganingizdek, mundialda oʻyinlardan oldin sizlarga jamoalar haqida ham alohida koʻrsatmalar va tushunchalar berib boriladi. Hakamlarni chalgʻitish uchun ayyor futbolchilar ham boʻladi. Ular simulyatsiya yoʻli bilan penalti yoki jarima zarbasi ishlash payida boʻladilar. Shunday ayyor oʻyinchilar borasida ham sizlarga alohida maʼlumot berildimi? Aytaylik, siz ishlagan uchrashuvlarda qaysi ayyor oʻyinchilarga duch keldingiz?

- VAR boʻlgandan keyin shunday oʻyinchilar kamaydi. Agar simulyatsiya qilsa VAR tekshiradi. Yangi qoidalar kiritilgan. Hattoki, hakam simulyatsiyasiga uchib sariq kartochka bersa, VAR aralashuvi bilan uni bekor qilish mumkin. Shu bois osonroq boʻldi. Futbolchilar ham bu narsani bilgan holda ortiqcha tavakkalchilik qilishmaydi. Men uchun hamma futbolchilar bir xil. Misol uchun, buni kimdir qilishi mumkin. Bunday holatda oʻyin paytida unga hammasini toʻliq va yotigʻi bilan tushuntirib, vaziyatdan chiqish mumkin. Ularni ham tushunishimiz kerak. Futbolchilar gʻalaba uchun hamma narsa qilishadi. Maydonda hech qachon hakam yoki qoidalar uchun emas, gʻalaba uchun oʻynashadi. Ularni oʻz maqsadlari bor va oʻsha maqsadlarini biz ham hurmat qilishimiz lozim. Ammo qoiadadan chiqsa, hakam sifatida biz toʻgʻrilashimiz kerak.

- Siz mundialdan qaytib kelganingizdan keyin oradan ikki kun oʻtib, Superliga bahsida – «Lokomotiv» va «Paxtakor» oʻyinini boshqardingiz. Holbuki, siz jahon chempionatidek juda katta turnirda ishlab keldingiz. Buni oʻziga yarasha bosim, ruhiyati katta edi. Shuni hisobga olib, sizga biroz dam berilsa kerak, deb kutgandim. Lekin kelishingiz bilan darhol yana ishga shoʻngʻidingiz. Bu sizga "nagruzka" boʻlmadimi?

- Yoʻq, bu "nagruzka" boʻlmadi. Oxirgi Fransiya – Paragvay oʻyinidan keyin ancha vaqt oʻtdi – 13 kun. Hakamlarga doimiy formadaboʻlishi uchun oʻyinlarni boshqarishimiz kerak. Agar koʻp vaqtni oʻtkazib yuborsak, oʻyinni boshqarish qiyinroq boʻladi. Bunday paytda hakam oʻyinni his qilish qobiliyatini yoʻqotadi. OFKda sentyabrdan yangi mavsum boshlanadi. Biz shunga tayyor boʻlishimiz lozim. Shuning uchun avvaliga mendan oʻyinni boshqara olasanmi-yoʻqmi, deb soʻrashdi. Boʻldi, boshqaraman, ruhiy tarafdan ham tayyorman deya rozim boʻldim. Oʻzimni hozirda juda yaxshi his qilyapman.

- Intervyu uchun rahmat va keyingi faoliyatingizga omad tilaymiz.
- Rahmat!

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

10+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar