«Nyukasl» klubi va Angliya milliy jamoasining sobiq hujumchisi Alan Shirer JCh-2026 finalida o‘zaro to‘qnash keladigan Ispaniya va Argentina milliy jamoalari haqidagi fikrlarini bildirib, favoritni tanladi.
«Ochig‘ini aytsam, bu bahs natijasini oldindan aytish juda qiyin. Ispaniyani oladigan bo‘lsak, ular Fransiyaga qarshi yarimfinalda ajoyib futbol namoyish etdi.
Shuni ham unutmang, aynan shu Ispaniya turnirdagi ilk o‘yinida Kabo-Verde ustidan g‘alaba qozona olmagandi. Biroq 2010 yilda ham ular Shveysariyaga yutqazgan, keyin esa jahon chempioniga aylangandi. O‘shanda ham men Ispaniya haqida xavotirlanishga asos yo‘qligini aytgandim. Bu juda kuchli jamoa. Ularning to‘pni nazorat qilishi va o‘yinni boshqarishi hayratlanarli.
Ammo keyin Argentinaga qaraysiz va ular qanchadan-qancha og‘ir vaziyatlardan chiqib ketganini ko‘rasiz. Masalan, Misrga qarshi 0:2 hisobida ortda borayotgandi, Angliyaga ham 0:1 yutqazayotgandi, ammo baribir kambek qildi. Bu jamoaning jasorati va xarakteriga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q. Qolaversa, tarkibingizda Messi bo‘lsa, sizda doimo imkoniyat bo‘ladi. Shu sababli men favorit sifatida Argentinani tanlayman», — dedi Shirer Tribal Football nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, JCh-2026 final bahsi 19 iyul kuni AQSHning Nyu-Jersi shtatidagi «Metlayf» stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvni sloveniyalik hakam Slavko Vinchich boshqarib boradi.