«Manchester Siti» sobiq hujumchisi Serxio Aguero Angliya Premer-ligasi va Chempionlar ligasini solishtirdi. Argentinalik futbolchi APLdagi bahslar jismoniy jihatdan Yevropa musobaqasidagi o‘yinlarga qaraganda qiyinroq kechishini aytdi.
«Premyer-liga nihoyatda talabchan musobaqa. U Chempionlar ligasiga qaraganda ancha ko‘proq jismoniy kuch talab qiladi. APLdagi barcha bahslar jismoniy jihatdan juda qiyin», — dedi Aguero Stake Football nashriga bergan intervyusida.
Futbolchining ta’kidlashicha, Ligalar chempionlar ligasida jamoalar to‘pni o‘z nazoratida ushlashga va hujumlarni o‘z jarima maydonidan boshlashga ko‘proq intiladi. Shu sababli ayrim bahslarda o‘yin uslubi APLdagidan farq qiladi.
«YCHLda barcha jamoalar yaxshi o‘ynaydi, hujumlarni o‘z darvozasi yaqinidan boshlashga va to‘pga egalik qilishga harakat qiladi. Shuning uchun u yerda biroz osonroq. Premyer-liga esa boshqa turdagi futbol. Hatto oxirgi o‘rindagi jamoa ham seni mag‘lub etishi yoki hayotingni ancha qiyinlashtirishi mumkin», — dedi argentinalik sobiq hujumchi.
Ma'lumot uchun, Aguero Yevropadagi faoliyati davomida «Atletiko», «Manchester Siti» va «Barselona» klublari safida o‘ynagan. U APLda 275 ta bahsda ishtirok etib, 185 ta gol urgan va 48 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Chempionlar ligasida esa 79 ta bahsda 41 ta gol hamda 8 ta golli uzatma qayd etgan.