«Inter» klubi sobiq hujumchi Sandro Mazzolaning 83 yoshida vafot etganini ma’lum qildi.
«Sandro Mazzola tarixdagi eng buyuk futbolchilardan biri edi. Nafaqat «neradzurri» tarixida, balki butun dunyo bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarda tilga olinardi.
U «Inter» tarixining bir qismi edi, klubga bolaligida kelgan va uni hech qachon tark etmagan», — deyiladi klub bayonotida.
Ma’lumot o‘rnida, Sandro 6 yosh bo‘lganida uning otasi Valentino Mazzola 1949-yilda «Torino» jamoasi bilan birga aviahalokatda halok bo‘lgan.
Mazzola 1961-yilda 18 yoshida «Inter» asosiy jamoasida debyut qildi va 1977-yilda faoliyatini yakunlaguniga qadar faqat shu klub sharafini himoya qildi.
U «Inter» bilan 4 marta Italiya chempioni bo‘ldi, ikki marta Yevropa chempionlar kubogi va ikki marta Qit’alararo kubokni qo‘lga kiritdi. Mazzola klub safida jami 565 ta o‘yinda 158 ta gol urgan.
U Italiya milliy jamoasi tarkibida 70 ta uchrashuv o‘tkazib, 22 ta gol urdi. Mazzola 1968-yilda Yevropa chempioni bo‘lgan, 1970-yilgi jahon chempionatida esa kumush medalni qo‘lga kiritgan.
Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, Mazzola RAI telekanalida tahlilchi va sharhlovchi bo‘lib ishladi. Shuningdek, «Inter» va «Torino» klublarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib bordi.