Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasining 1-taxta o‘yinchisi Nodirbek Abdusattorov Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va jamoaning muvaffaqiyatli starti haqida o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdi.
«Biz kutgan kunlar yetib keldi, o‘z uyimizda shunchalik katta masshtabli musobaqani birinchi marotaba qabul qilyapmiz.
Albatta, yigitlarimiz uchun bu ulkan faxr. Biz jamoamiz bilan birgalikda chin dildan harakat qilyapmiz, mana o‘zingiz ko‘rib turibsiz — uchta turdan keyin uchta g‘alaba.
Xalqimiz va Prezidentimizning ishonchini oqlash uchun har bir o‘yinda bor kuchimiz bilan harakat qilyapmiz», — dedi Abdusattorov.
Avvalroq Butunjahon shaxmat olimpiadasida 3-tur o‘yinlari yakunlanganidan so‘ng O‘zbekiston erkaklar jamoasi to‘rtinchi pog‘onani band etib turgani, ayollar jamoasi esa beshinchi o‘rinda borayotgani ma’lum qilingandi.