«Yuventus» «Bayer» va Bosniya va Hersegovina milliy jamoasi hujumchisi Kerim-Sem Alaybegovich transferini yakunladi.
Taniqli insayder Fabritsio Romanoning xabariga ko‘ra, tomonlar barcha shartlar bo‘yicha kelishuvga erishgan. Transferning kafolatlangan qismi 33 million yevroni tashkil etadi, yana 2 million yevro esa bonuslar ko‘rinishida to‘lanadi.
Qayd etilishicha, Alaybegovich boshidanoq faoliyatini aynan «Yuventus»da davom ettirishni istagan. Futbolchi bilan shaxsiy shartnoma ham kelishilgan va transferni rasmiylashtirish uchun faqat texnik tafsilotlar qolgan.
Ma’lumot uchun, Alaybegovich 2025 yil yozida «Bayer» akademiyasidan «RB Zalsburg»ga o‘tgan, biroq 44 ta o‘yinda 13 gol va 4 assist qayd etganidan so‘ng Germaniya klubi uni qayta sotib olgandi. 18 yoshli hujumchi 2026 yilgi Jahon chempionatida Bosniya va Hersegovina safida 4 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol urgan. Transfermarkt futbolchini 25 million yevroga baholaydi.