Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) FIFA musobaqalarini boykot qilishini ma'lum qildi. Agar FIFA jahon chempionati va boshqa musobaqalarga bo'lgan huquqlarni xususiy investorlarga sotish haqidagi rejasini amalga oshirsa, UEFAga a'zo barcha 55 ta milliy assotsiatsiya ushbu turnirlardan qatnashmaydi.
«UEFA va uning tarkibiga kiruvchi 55 ta milliy assotsiatsiya yakdil pozitsiyada turibdi. Biz FIFA’ning jahon chempionati va boshqa musobaqalarga mulkchilik huquqini xususiy investorlarga berish haqidagi taklifini bir ovozdan qat’iy rad etamiz.
Jahon chempionatini investitsiya mahsuloti sifatida ko'rib bo'lmaydi. Bu futbolning avlodlar davomida futbolchilar, milliy jamoalar va muxlislar tomonidan yaratilgan eng buyuk merosidir. Uni sotib bo'lmaydi.
Bunday muhim tashabbusning futbolni boshqarishga mas’ul tomonlar bilan maslahatlashmasdan, maxfiy tarzda ishlab chiqilib, deyarli tasdiqlash bosqichiga olib kelingani mas’uliyatsizlik va kechirib bo'lmaydigan holatdir. Bu rahbarlikdagi kamchilik emas, balki FIFA’ning jahon futboli homiysi sifatidagi burchidan voz kechishidir.
Agar tashqi investorlar FIFA musobaqalarida ulushga ega bo'lsa, futbol abadiy o'zgaradi. Tijoriy daromad doimiy majburiyatga, investorlarning kutilmalari esa kundalik bosimga aylanadi. Bu modelning jahon futbolida o'rni yo'q. Futbol kelajagini asosiy maqsadi moliyaviy daromadni oshirish bo'lgan shaxslar belgilamasligi kerak. Futbol o'z kelajagini moliyaviy manfaatlar evaziga garovga qo'ya olmaydi.
Bugungi muhokama yakunlariga ko'ra, agar ushbu takliflar bekor qilinmasa va FIFA bundan buyon o'z boshqaruvi hamda musobaqalariga xususiy mulkchilikni kiritmasligi bo'yicha majburiy kafolatlar bermasa, UEFAga a'zo hech bir milliy jamoa tashkilotning birorta musobaqasida ishtirok etmaydi.
Hech kimda shubha bo'lmasin: UEFA va uning milliy assotsiatsiyalari bu rejalariga qarshi qat’iy kurashadi. Jahon chempionati futbolga tegishli. Har doim shunday bo'lib qoladi. Yevropa ovozi bor ekan, u hech qachon sotilmaydi», — deyiladi UEFA xabarida.