«Xetafe» prezidenti Anxel Torres 40 yoshli ispaniyalik markaziy himoyachi Serxio Ramos klubning ehtimoliy transfer maqsadlari ro‘yxatiga kiritilganini ma’lum qildi.
«Uning ukasi, ya’ni agenti men bilan gaplashdi. Ramos ehtimoliy yangi futbolchilar ro‘yxatida bor. U jamoamizga o‘tishi mumkin. Biz bu maqsad ustida ma’lum muddatdan beri ish olib boryapmiz», — dedi Torres.
Klub rahbarining aytishicha, bosh murabbiy Xose Bordalas uchun hujumni kuchaytirish asosiy vazifa hisoblanadi. Sababi, jamoa tarkibida allaqachon tajribali 6 ta markaziy himoyachi bor.
Avvalroq «Xetafe» «Real»ning yana bir sobiq sardori Dani Karvaxal bilan shartnoma imzolagandi. Eslatib o‘tamiz, Ramosning so‘nggi klubi Meksikaning «Monterrey» jamoasi bo‘lib, futbolchi jamoa bilan 2026-yil yanvar oyida xayrlashgan. Ispaniyalik himoyachi faoliyati davomida «Real», «Sevilya» va «PSJ» klublarida ham to‘p tepgan.
Transfermarkt portali ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining hozirgi transfer narxi 800 ming yevroga baholanmoqda.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi