Ispaniya chempionatining 13-turida «Barselona» o‘z maydonida «Vilyarreal»ni qabul qiladi. Ushbu uchrashuv arafasida kataloniyaliklar vingeri Lamin Yamalning raqibga qarshi statistikasi e’tibor markaziga tushdi.
Barça Universal nashrining ta’kidlashicha, «Vilyarreal» Yamal uchun eng qulay raqib hisoblanadi. Ispaniyalik futbolchi ushbu jamoaga qarshi o‘tkazgan 6 ta uchrashuvida 5 ta gol urgan.
Qizig‘i, 19 yoshli futbolchi professional faoliyati davomida hech bir jamoa darvozasini «Vilyarreal»nikidan ko‘proq ishg‘ol qilmagan.
Bundan tashqari, Yamal faoliyatidagi yagona het-trikni ham aynan «sariq suvosti kemasi»ga qarshi bahsda rasmiylashtirgan.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu mavsumda «Barselona» yetakchilaridan biriga aylangan Yamal barcha musobaqalar doirasida 16 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Ushbu bahslarda u 13 ta gol urish bilan birga, 12 ta golli uzatmani ham amalga oshirdi.
«Barselona» va «Vilyarreal» o‘rtasidagi uchrashuv ertaga, 22-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Yamal ESPN talqiniga ko‘ra dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi