Madridning «Real» klubi sobiq yarimhimoyachisi Rafael van der Vart Kilian Mbappening o‘yinlari atrofidagi tanqidlar haqida fikr bildirdi.
Niderlandiyalik mutaxassisga ko‘ra, fransiyalik hujumchi hozir Krishtianu Ronaldu bir paytlar duch kelgan holatni boshdan kechirmoqda.
«Odamlar Mbappeni manmanlikda ayblayotganida, bu meni xafa qiladi. Hozir ko‘pchilik «PSJ» Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lgach, Mbappe muammo bo‘lgan ekan, degan fikrni ilgari surmoqda.
Ammo «PSJ»da ko‘plab yaxshi futbolchilar bor edi, lekin yagona haqiqiy superyulduz Mbappe edi. Shunday futbolchi jamoada bo‘lsa, boshqalar biroz soyada qoladi. U katta bosim ostida edi va jamoa muvaffaqiyat qozonmaganida ayb ham unga yuklatilardi», — deya van der Vartning so'zlarini keltirdi Goal nashri.
Sobiq futbolchining fikricha, «Real»da ham vaziyat deyarli o‘zgarmagan.
«Real» kabi klubda hammani keskin tanqid qilishadi. Ronaldu ham jamoa sovrin yutmagan paytlarda doim aybdor sifatida ko‘rsatilardi.
Men «Real»da o‘ynaganimda bir narsani sezganman: jamoada bitta juda katta yulduz bo‘lishi ba’zan muammo tug‘diradi. Masalan, men to‘p bilan boshqa yaxshi variantni ko‘rib turgan bo‘lsam ham, Ronaldu bo‘sh turganida deyarli hamma unga uzatma berardi. Bu har doim ham foydali emas. Ammo bunday futbolchini boshqarishni bilish kerak, chunki u mavsumiga 60 ta gol urardi. Mbappe ham hozir shunga yaqin natija ko‘rsatmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.
Van der Vartning ta’kidlashicha, o‘tgan mavsumda Mbappe «Real»ning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan.
«Muxlislar uni tanqid qilishda davom etmoqda va men buning sababini tushunmayman. U o‘tgan mavsumda jamoaning eng yaxshi futbolchisi edi. Boshqa futbolchilar yetarli darajada o‘ynay olmadi, Mbappe esa muntazam ravishda gol urdi. Har doim eng yaxshisi bo‘lishga harakat qilishning o‘zi ham juda qiyin», — dedi sobiq yarimhimoyachi.
Eslatib o‘tamiz, Mbappe «Real» safiga qo‘shilganidan buyon jamoaning asosiy hujum kuchi sifatida ko‘rilmoqda. Fransiyalik futbolchi o‘tgan mavsum davomida madridliklarning eng sermahsul futbolchilaridan biri bo‘ldi.