Qarshida bo‘lib o‘tgan «Nasaf» va «So‘g‘diyona» (2:1) jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev matbuot anjumanida fikrlarini aytib o‘tdi.
- O‘yinning boshlanishini barchangiz ko‘rdingiz. Tezkor penalti, tezkor gol. Keyin nazoratni qo‘lga olgandek bo‘ldik, ammo yana gol o‘tkazib yubordik va hisob 2:0 ko‘rinishiga keldi. Birinchi taymni omadsiz o‘tkazdik, deb aytmagan bo‘lardim. Lekin ayrim vaziyatlardan foydalana olmadik, «Nasaf» esa o‘z imkoniyatlarini golga aylantirdi.
Ikkinchi taymda ham xuddi shu holat kuzatildi. O‘yinni nazorat qildik, «Nasaf» esa tezkor qarshi hujumlar uyushtirdi. Uchrashuvning oxirgi qismida imkoniyatlarimiz bo‘ldi, gol urdik, hatto yana gol kiritishimiz ham mumkin edi. Natijada 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldik. Aytish mumkinki, durang o‘ynash imkonimiz ham bor edi. Umuman, ko‘rsatgan o‘yini uchun yigitlarga rahmat aytaman. Endi keyingi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘ramiz. «Nasaf» jamoasiga esa Osiyo Chempionlar ligasida omad tilayman.
- Penalti belgilash borasidagi vaziyatga qanday baho berasiz?
- Penalti bo‘lgan yoki bo‘lmaganini baholaydigan maxsus komissiya bor. Har birimizning o‘z fikrimiz bo‘lishi mumkin. Mening fikrimcha, bu penalti emas edi. Agar shunday vaziyatlarda penalti belgilanaversa, har bir o‘yinda penalti berish mumkin.
- Jamoaga kelganingizda hisobingizda atigi bir ochko bor edi. Hozir esa to‘qqiz ochko jamg‘arilgan. Ammo jamoa ko‘p gol urishi bilan birga, ko‘p gol ham o‘tkazib yubormoqda. Buning sababi nimada?
- Tarixga nazar tashlasak, jamoaga kelganimizda hisobimizda bir ochko bor edi. Bugungi kunda esa to‘qqiz ochkomiz bor, to‘g‘rimi? Shuning uchun vaziyat oson emas. Chempionat davomida ko‘p narsani to‘g‘rilashga to‘g‘ri keladi. Birinchi navbatda, futbolchilar seleksiyasi, ikkinchidan, boshqa jihatlar ham bor. Umuman, yigitlarga ham, klub rahbariyatiga ham rahmat aytaman. Ular jamoada yaxshi muhit yaratib berishmoqda.
Gol uryapmiz, lekin ko‘p gol o‘tkazib ham yuboryapmiz. Balki bu psixologik omil bilan bog‘liqdir, balki boshqa sabablar bordir. Ehtimol, diqqatni jamlashda muammolar kuzatilayotgandir. Buning sabablari ko‘p bo‘lishi mumkin. Bu futbol. Yaxshi tomoni — gol uryapmiz. Endi o‘tkazib yuborayotgan gollarimiz kamroq bo‘lsa, yanada yaxshi bo‘lardi.
- «Nasaf»ni agressiv va kuchli jamoa sifatida bilamiz. Bugungi uchrashuvda ham ularning o‘yiniga qarshi taktik jihatdan qanday tayyorgarlik ko‘rdingiz? Raqibning ayrim asosiy futbolchilari zaxirada qolganini ham hisobga olsak, bu holatga qanday qaraysiz?
- «Nasaf»ni juda ko‘p yillardan beri ham ichki chempionatda, ham Osiyo Chempionlar ligasida barqaror ishtirok etayotgan, o‘z obro‘siga ega jamoa sifatida bilamiz. Tarkibida yaxshi, sifatli futbolchilar bor. Ro‘ziqul Berdiyev boshchiligidagi murabbiylar shtabi ham yuqori saviyada.
«Nasaf» O‘zbekiston chempionatining yetakchi jamoalaridan biri. Shuning uchun ularga doimo jiddiy yondashamiz. Futbolchilarining saviyasini yaxshi tushunamiz, o‘yin jarayonini nazorat qilishga va shu orqali o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz. Buning uchun muayyan taktik sxemani tanlaymiz.
Uchrashuvni tahlil qilsak, o‘yinning katta qismida nazorat bizda bo‘ldi. «Nasaf» esa tezkor qarshi hujumlarga o‘tdi. Menimcha, bu o‘yin orqali «Nasaf»da Osiyo Chempionlar ligasiga tayyorgarlik omili ham bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu — shaxsiy fikrim. Asosiy tarkibda o‘ynashi kerak bo‘lgan ayrim futbolchilarning o‘rniga maydonga tushganlar ham juda yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. Demak, «Nasaf»da bu borada muammo yo‘q», - deya Baqoyevning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.
Ulug‘bek Baqoyev: «Menimcha, bu penalti emasdi»
Eksklyuziv
25 oktabr, 04:55
Baqoyev matbuot anjumanida fikrlarini aytib o‘tdi.
Фото: Tribuna.uz
24.10.2026
FT
O‘zbekiston Superligasi
Nasaf Qarshi
2
:
1
So'g'diyona