Live
4
O'zbek

Ro‘ziqul Berdiev: «O‘yin oxirida «So‘g‘diyona»ning vaziyatlari bizni xavotirga soldi»

Eksklyuziv
25 oktabr, 04:58
Berdiev odatdagidek matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Ro‘ziqul Berdiev: «O‘yin oxirida «So‘g‘diyona»ning vaziyatlari bizni xavotirga soldi»
Фото: Tribuna.uz
24.10.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi 2 : 1 So'g'diyona So'g'diyona

«Nasaf» klubi Superliganing 25-turida o‘z uyida Jizzaxning «So‘g‘diyona» jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etib, uch ochkoni qo‘lga kiritdi.

G‘alabadan so‘ng qarshiliklar ustozi Ro‘ziqul Berdiev odatdagidek matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- 2:0 hisobidan keyin yigitlarimizga buni ta’kidlamagan bo‘lsak ham tejamkor o‘yinga o‘tib qolishdi. Hisobni ushlashimiz va kuchimizni tejashimiz kerak edi. Shunga e’tibor qaratishdi. O‘yinni oxirida «So‘g‘diyona» jamoasini vaziyatlari bizni xavotirga soldi. Shunga qaramay, g‘alaba erishdik. «So‘g‘diyona» yaxshi jamoalardan biri. Individual jihatdan mahoratli o‘yinchilari ko‘p. Standart vaziyatlarda yaxshi harakat qilishadi. Bu uchrashuvda ham buni amalda bajarmoqchi bo‘lishdiyu, lekin yigitlarga standartlarda raqib futbolchilariga hushyor bo‘lish vazifasini aytgandik, buni bajarishdi. Qiyin bo‘lsa ham g‘alabaga erishdik.

- Shala va Sharof Muhitdinov zaxiradan maydonga tushishdi. Ular o‘yinni qaysi jihatlarini jonlantirib bera oldilar?

- Bilasizmi, charchagan futbolchilar yoki kimnidir keyingi o‘yinga saqlash niyatida pozitsion o‘zgarishlarni qildik. Kuchaytirish kerak edi. Ammo Shala birinchi marta zaxiradan tushgani uchunmi, unchalik o‘yinga kirishib keta olmadi. Asosiy vazifa kimgadir dam berish hamda o‘yin tezligini yanada oshirish edi. Biroq biz boya aytib o‘tganimdek, orqaga e’tibor qaratib qo‘ydik. O‘yinlarimiz bir-biriga yaqin va biz ham qayerdadir kuchimizni tejashimiz kerak edi. Shu bois ularni zaxiradan qo‘ydik. Murod, Sharof, Shala kabi o‘yinchilarga dam berdik. O‘ylaymanki, yigitlar keyingi o‘yinga motivatsiya va kuch topa oladilar.

- Bu safar penal’tini Bobur Abdiholiqov tepdi...

- Penal’tini boshqasidan kutgandim, lekin Bobur tepdi, qoyil! O‘ziga olib, ishonchli bajardi. Albatta, bundan xursandmiz. Qolaversa, oxirgi uchrashuvlarda gol kerak edi, juda ham. Menimcha, to‘g‘ri bo‘ldi. G‘alabaga hissa qo‘shdi.

- «Nasaf» 4-o‘ringa chiqib oldi. 3-pog‘onadagi «Navbahor»ni quvib o‘tish imkoniyatini qanday baholaysiz?

- 5 ta tur qolyapti. 6 ochkolik farq, menimcha katta. Ammo imkon qadar yuqoriroqda bo‘lishga harakat qilamiz. Oxirgi 5 ta uchrashuvni ham munosib o‘tkazsak, o‘rinlarimiz yanada yaxshilanadi. 5-6 ta klub 4- 5-o‘rinlar atrofida yuribdi. O‘yinlarni yaxshi o‘tkazib, yuqoriroqda bo‘lishga harakat qilishimiz kerak.

- Avval legionerlardan norozi ekaningiz haqida aytgandingiz. Mavsum yakunida legionerlar bilan xayrlashiladimi yoki ular olib qolinadimi?

- Norozi bo‘lmaganmiz. Faqat bundan-da, kuchliroq o‘yinchilarni taklif qilish rejamizda bor edi. Bu norozilik emas. Shala maydonda katta mehnat va katta hajmdagi ishni olib boradi. O‘ylaymanki, klub uni olib qolishga harakat qiladi. Legionerlarimiz ko‘pchilik emas. Nima uchun ko‘p emasligi o‘zlaringga ayon. Klubni keyingi reja va maqsadlari qanaqa bo‘lishiga qarab tarkib aniqlashtiriladi. Kimnidir olib qolish, kimdir ketishi mumkin. Hozir bu haqida aniq fikr bildira olmayman», - deya Ro‘ziqul Sa’dullayevichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi
  • So'g'diyona So'g'diyona
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar