Angliya milliy jamoasining sobiq futbolchilari Gari Lineker va Alan Shirer «The Rest is Football» podkastida «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maykl Kerrik iste’foga chiqarilgan taqdirda, «Komo» ustozi Sesk Fabregas mankunianlar jamoasini boshqarmasligi kerakligini aytishdi.
«Fabregas muhim qaror qabul qilishi kerak. Agar u «Komo» bilan, hatto o‘rtacha muvaffaqiyatlarga erishishda davom etsa ham, yirik klublar unga qiziqish bildiradi. Ehtimol, ulardan biri «Manchester Yunayted» bo‘lar. Agar u bu ishga rozi bo‘lsa, bu telbalik bo‘ladi! Bu murabbiylar qabristoni», — dedi Lineker.
Alan Shirer ham «Manchester Yunayted»dagi vaziyatni tanqid qildi.
«Bu ulkan futbol klubi ekanini bilaman, ammo hozir u yerda ishlash unchalik jozibador emas. Chunki klubda ko‘plab murabbiylar almashdi. Bu ishning yagona jozibali tomoni — 12 yoki 18 oydan keyin katta tovon puli olishi mumkinligi», — dedi Shirer.
Ma’lumot uchun, Fabregas «Komo»ni 2024-yildan buyon boshqarib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Manchester Yunayted»da Maykl Kerrikning kelajagi borasidagi qaror Fabregasga qiziqish bilan bog‘liq taxminlar fonida muhokama qilinmoqda.