Madridning «Atletiko» klubi bosh murabbiyi Diego Simeone La Liga 14-turi doirasida «Elche»ga qarshi bo‘lib o‘tadigan bahs oldidan raqib haqida fikr bildirdi.
«Hozir butun e’tiborimiz «Elche»ga qaratilgan. Bu jamoa o‘z maydonida yaxshi natijalarga erisha olmayapti, ammo raqiblari bilan munosib kurash olib bormoqda. Mag‘lubiyatga uchragan ayrim bahslarda ham g‘alaba qozonishi yoki durang qayd etishi mumkin edi. Biz o‘yinni raqibga muammolar tug‘dira oladigan yo‘nalishga burishimiz kerak», — deya Simeonening so‘zlarini keltiradi Marca.
Ma’lumot uchun, La Liganing 14-turidan oldin «Atletiko» 31 ochko bilan turnir jadvalida uchinchi o‘rinda bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Elche» — «Atletiko» bahsi 28 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan 22:30 da boshlanadi.