O‘zbekiston milliy jamoasi sardori Eldor Shomurodov jahon chempionati guruh bosqich 2-tur doirasidagi Portugaliyaga qarshi bahs oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
«Albatta, bizda bosim yo‘q. Shu sababli Portugaliyaga qaraganda bizga osonroq bo‘ladi deb o‘ylayman.
Bizda ajoyib jamoa shakllangan. Birinchi o‘yindan keyin bizda ishonch bor, allaqachon debyut qilib bo‘ldik. Biz ertaga yaxshi natija uchun maydonga chiqamiz.
Raqibimizning birinchi turdagi o‘yinining natijasiga ahamiyat bermadik. Bu haqida hozir o‘ylashning payti emas. Balki uchinchi turdan keyin buni muhokama qilarmiz, hozir biz uchun eng asosiysi navbatdagi bahs.
Kolumbiyaga qarshi birinchi bo‘limda murabbiy ko‘rsatmalarini to‘liq bajara olmaganimiz evaziga xatolar kelib chiqdi deb o‘ylayman. Ertaga bunday xatolarni takrorlamasdan, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga, to‘pni ko‘proq nazorat qilib, vaziyatlar yaratishga harakat qilamiz.
Hammasi yaxshi. Hayajon bo‘lishi tabiiy, biroq maydonga chiqqan birinchi daqiqamizdayoq bu esdan chiqadi.
Biz Abbos bilan klubda ham birga o‘ynaymiz. Mashg‘ulotlarda ham doimo birgamiz. Shu sababli ham bir-birimizni o‘zaro yaxshi tushunamiz desam bo‘ladi.
Eng muhimi bir jamoa bo‘lib, yaxshi natija qo‘lga kiritishga harakat qilamiz», — dedi Shomurodov.