Live
3
O'zbek

Sergey Tokov: "Agar barcha xatolarni bartaraf etganimizda, chempionlik uchun kurashayotgan bo'lardik"

Futbol
21 iyul, 13:57
"Xorazm" ustozi "Paxtakor"ga qarshi bahsdan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Sergey Tokov: "Agar barcha xatolarni bartaraf etganimizda, chempionlik uchun kurashayotgan bo'lardik"
Фото: Хоразм ПФК
21.07.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Paxtakor Toshkent Paxtakor Toshkent 2 : 1 Xorazm Xorazm

Bugun Superligada 13-turga start berildi. Toshkentda "Paxtakor" "Xorazm"ni qabul qildi.

O'yinda garchi urganchliklar birinchi bo'lib hisobni ochishganiga qaramay, yakunda 2:1 hisobida mag'lubiyatga uchradilar.

Mazkur uchrashuvdan so'ng "Xorazm" bosh murabbiyi Sergey Tokov matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

- Assalomu alaykum. O'yin og'ir kechdi. Birinchi bo'lib gol urdik, ammo ustunlikni saqlab qola olmadik va gol o'tkazib yubordik. Bu yerda muvozanat yetishmadi. Ikkinchi bo'limni ham negadir og'ir boshladik, ko'p narsa o'xshamadi. Lekin bu futbol. "Paxtakor"da deyarli teng kuchli ikki tarkib bor, shuning uchun bizga biroz qiyin bo'ldi. Ular yaxshi futbolchilarni jamlagan. Shunga qaramay, muxlislarimizni xursand qilish uchun harakat qildik.

- "Xorazm"ning Superligadagi g'alabasiz seriyasi beshta o'yinga yetdi. Nahotki, 2,5 oy davomida xatolarni bartaraf etishning iloji bo'lmadi? Nima sababdan bu amalga oshmadi?

- Xatolarni tuzatdik, lekin hammasini emas. Agar barcha xatolarni bartaraf etganimizda, chempionlik uchun kurashayotgan bo'lardik. Hozircha oldinga kichik qadamlar bilan harakat qilyapmiz. Qarang, raqiblarimiz kimlar bo'ldi: yaxshi tarkibga ega "Andijon", kuchli futbolchilari bor "So'g'diyona", "Paxtakor". Shuning uchun men bu yerda hech qanday fojia ko'rmayapman. Oldinga qarab harakat qilishimiz kerak.

- Birinchi bo'limning 35-daqiqalari atrofida siz yon chiziq yonida murabbiylar shtabi tomon qarab, "o'tuvchi hovli" degan iborani ishlatdingiz. Bu qaysi futbolchi haqida aytildi? Bunday hissiyotga nima sabab bo'ldi?

- Bu mening emotsiyalarim. Ular mening shaxsiy emotsiyalarim va jamoamizning ichki masalasi. Qaysi futbolchi haqida ekanini aytmayman. Nimaga aytishim kerak? Bu oddiy murabbiylik hissiyotlari. Agar inson hamma narsani ichiga yutib yuraversa, salomatligiga ham zarar. Shuning uchun emotsiyalarni maydonga emas, hech kimni haqorat qilmaydigan tomonga chiqarishga harakat qilamiz.

- O'sha futbolchi 25 daqiqadan keyin almashtirildi. Demak, uning o'yinidan norozi bo'ldingizmi?

- Ha, aynan shunday. Biz uning o'yinidan qoniqmadik, shuning uchun almashtirdik.

- Yangi qoidalar haqida fikringiz qanday? Masalan, bugun futbolchingiz vaqtni cho'zdi. Keyin aynan o'sha futbolchi maydonni tark etish uchun qariyb ikki daqiqa vaqt sarfladi.

- Men bu haqda futbolchim bilan gaplashdim. Unga, avvalo, jamoa haqida o'ylash kerakligini tushuntirdim, shaxsiy ehtiroslarini emas. Uning aytishicha, "Paxtakor" futbolchisi uni haqorat qilgan, yomon so'zlar aytgan. Shuning uchun u shunday javob qaytargan. Biz bu borada ishlaymiz, tushuntirish beramiz. Menimcha, hakamlar ham bu holatga e'tibor qaratishi kerak edi. Mening bilishimcha, maydonda haqoratli so'zlar ishlatish ham mumkin emas. Provokatsiyalarga ham hakamlar chek qo'yishi lozim. Bu mening shaxsiy fikrim.

- Bu holat sizga ma'qulmi? Chunki "Paxtakor" hisobda oldinda bo'lganida ham ikki marta almashtirish qildi. Jamoa murabbiyi hatto Sobirxo'jaevga: "Tezroq chiqish kerak", dedi.

- Yo'q, albatta. Men o'yin sur'ati oshishi tarafdoriman. Yangi qoidalarning asosiy maqsadi ham shu. Faqat ular bir tomonlama ishlamasligi, o'yinni yaxshilashi kerak. Men tezkor futbol tarafdoriman. Menimcha, bu jihatdan hammasi to'g'ri bo'ldi. Bu qoidalar bo'yicha menda hech qanday salbiy fikr yo'q, faqat ijobiy.

- Iyul oyi boshida klub rahbariyati tanqidiy yig'ilish o'tkazgani haqida ma'lumotlar chiqqandi. Shu haqda batafsilroq ayta olasizmi? Qanday vazifalar qo'yildi?

- Bilasizmi, men o'sha yig'ilishda qatnashmaganman, shuning uchun bu haqda hech narsa ayta olmayman. Bu ma'lumot sizga qaerdan keldi? Bizda klub rahbari bor, o'sha yig'ilishda u ishtirok etgan. Shu savolni unga bersangiz yaxshi bo'ladi. Men u kishi nomidan gapira olmayman, chunki o'zim u yerda bo'lmaganman. Agar qatnashganimda, albatta, sizlarga aytardim. Ammo men u yig'ilishda ishtirok etmaganman, shuning uchun bu masala yuzasidan izoh bera olmayman", - deya Tokovning so'zlaridan keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Paxtakor Toshkent Paxtakor Toshkent
  • Xorazm Xorazm
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar