Live
2
O'zbek

Islom Ismoilov: "Hakаmlar haqida bir marta gapirganman, shuning uchun bu haqda boshqa gapirishni istamayman"

Futbol
21 iyul, 14:59
"Neftchi" ustozidan "So'g'diyona"ga qarshi bahsdan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Islom Ismoilov: "Hakаmlar haqida bir marta gapirganman, shuning uchun bu haqda boshqa gapirishni istamayman"
Фото: Нефтчи ПФК
21.07.2026 FT O‘zbekiston Superligasi So'g'diyona So'g'diyona 1 : 5 Neftchi Fargona Neftchi Fargona

Amaldagi chempion hamda bu yilgi mavsumda ham yakkapeshqadamlik qilib kelayotgan Farg'onaning "Neftchi" klubi g'alabali yurishini bu turda ham davom ettirdi.

Zominda "So'g'diyona"ga qarshi bellashuvda 1:5 hisobidagi yirik g'alabani qo'lga kiritgan mehmonlar bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida qatnashdi.

"Assalomu alaykum. Avvalo, bugungi ajoyib g'alaba bilan tabriklayman. Bu g'alabamizni muxlislarimizga bag'ishlaymiz. Sababi, ular uzoq yo'l bosib kelib, jamoamizni uchrashuv davomida qo'llab-quvvatlashdi. Shuning uchun ularga ham alohida minnatdorchilik bildiraman. Bundan tashqari, futbolchilarga ham rahmat aytaman. Ajoyib o'yin ko'rsatishdi. To'g'ri, o'yin tezkor gol bilan boshlandi. Shunga qaramasdan, biz ushbu vaziyatdan chiqib keta oldik. Uchrashuv davomida to'liq nazorat qila oldik, deb ayta olaman.

- O'tgan o'yindan keyin ijtimoiy tarmoqlarda hakamlik borasida juda ko'p e'tirozlar bo'ldi. O'sha uchrashuvdagi hakamlik haqida qanday fikr bildirgan bo'lardingiz?

- Bu to'g'risida garishni xohlamayman. Bir marta gapirganman. Shuning uchun bu haqda boshqa gapirishni istamayman. Qarorlarni ko'rib chiqishdi, o'zlarini fikrlarini aytishdi. Biz bunday narsalarga e'tibor qaratmasdan ishlashda davom etishimiz kerak.

- O'yindagi rotatsiyalar o'zini oqladi. Shu haqida ham gapirib o'tsangiz.

- Har bir uchrashuvda rotatsiyalar, o'zgarishlar qilyapmiz. Maqsadimiz tarkibimizdagi har bir futbolchiga imkoniyat berish. Shu bilan birga bosqichma-bosqich o'yin sifatini oshirib borish. O'ylaymanki, o'yindan-o'yinga aynan o'yin sifatimizni oshirib boryapmiz. Baribir hali to'liq ideal holatda o'yin o'tkazganimiz yo'q, kamchiliklarimiz juda ko'p. Bularni ustida ishlashda davom etamiz. Mavsum uzoq, bizni juda qiziqarli va qiyin bo'lgan chempionat kutib turibdi. Shu bois bo'shashishga umuman haqqimiz yo'q. Mehnat va harakat qilishda davom etamiz.

- Farrux Sayfievni jarohati xususida ham to'xtalib o'tsangiz.

- Sayfievni son qismida jarohat bor. Bundan tashqari, hamma biladiki, Abror Ismoilovni qovurg'asi singan. Ikkalasi ham asosiy tarkib futbolchilari. Jamoamiz uchun katta yo'qotish. Umid qilamizki, ular tezroq sog'ayib safimizga qaytishadi", - deya Ismoilovning so'zlaridan keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • So'g'diyona So'g'diyona
  • Neftchi Fargona Neftchi Fargona
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar