Superliganing 12-turiga start berildi. Fargʻonada «Neftchi» «Buxoro»ni qabul qildi.
Kutilganidek oʻyin ikkala jamoa uchun qiyin kechdi. Ayniqsa, maydon egalari katta kuch sarflashiga toʻgʻri keldi. Buxoroliklar esa kutilganidek, mezbonlarga jiddiy qarshilik koʻrsatishdi.
Hisobda ortda borayotgan «Neftchi» irodasini va xarakterini koʻrsatishga toʻgʻri keldi. Oxirgi 10 daqiqalikda Islom Ismoilov shogirdlari juda kerakli ikkita gol kiritishga hamda gʻalabani olib ketishga muvaffaq boʻlishdi.
Oʻyindan keyin fargʻonaliklar bosh murabbiyi Islom Ismoilov quyidagicha fikr bildirdi:
«Birinchi navbatda barcha muxlislarimizni qiyin kechgan gʻalaba bilan tabriklayman. Oʻylaymanki, bugun ajoyib oʻyin koʻrsatdik. Buning uchun futbolchilarga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Xarakter koʻrsatishdi va oxirigacha kurash olib bordik. Soʻnggi daqiqalarda oʻzimiz xohlagan oʻyinni koʻrsatishni boshlaganimiz uchun gol kiritdik hamda gʻalabaga erishdik. Bundan tashqari, uchrashuv davomida ham toʻliq ustunlik qildik. RaQibga deyarli hech qanday imkoniyat bermadik. Shuning uchun oʻyin toʻliq bizning nazoratimizda oʻtdi.
Odatda, bunday uzoq tanaffusdan keyin qaytish qiyin boʻladi. Turgan poezdni joyidan qoʻzgʻatish uchun juda katta kuch sarflanadi. Jamoa ritmga tushgan paytda tanaffusga chiqib ketildi. Deyarli 2 oy davomida yetakchi futbolchilarsiz mashgʻulotlar olib bordik. Bu ham oʻyin sifatiga albatta ta'sir qiladi.
Tarkibimizdagi koʻplab oʻyinchilar terma jamoalarga nomzod hisoblanishadi. Shu sababli deyarli ikki oy davomida toʻliq tarkib bilan shugʻullana olmadik. Shunga qaramasdan bugun ikkala taymda ham oʻzimizni sifatli futbolimizni koʻrsatishga harakat qildik. Bu oldindan ma'lum edi. Futbolchilarga ham oʻyindan oldin bu mavsumdagi eng qiyin oʻyin boʻlishi mumkinligini aytgandim.
Chunki bunday uzoq tanaffusdan soʻng har qanday jamoani qaytishi ham qiyin boʻladi. Boz ustiga doim ximoyada oʻynaydigan jamoaga qarshi oʻynash juda ogʻir kechadi. Oʻzi shundoq ham butun dunyoda uchinchi zonadagi ximoyani yorib oʻtishga qiynalishyapti. Oʻyindan kelib chiqib, oxirgi 10 daqiqada Ikrom Aliboyevni markaziy ximoya va Yovan Jokichni hujumga olib chiqqanimiz hisobiga jamoamiz ikkinchi golni kiritishga muvaffaq boʻldi» - deya Ismoilovning soʻzlaridan keltiradi Tribuna.uz muxbiri.