Bugun
7
O'zbek

Rodri transferi “Barselona”da Bernal taqdiriga ta'sir qilmoqda

Futbol
12 avgust, 08:41
Mark Bernal vakili klub rahbariyati bilan uning kelajagini muhokama qildi.
Rodri transferi “Barselona”da Bernal taqdiriga ta'sir qilmoqda
Foto: Tribuna.com

“Barselona” yarim himoyachisi Mark Bernalning kelajagi Rodri transferi ortidan kun tartibiga chiqdi. Ispaniyaning Mundo Deportivo nashrining yozishicha, futbolchining vakili Raul Verdu chorshanba kuni klubning sport direktori Deko bilan uchrashib, 19 yoshli yarim himoyachining jamoadagi o'rnini muhokama qilgan.

Uchrashuvga asosiy sabab — “Barselona”ning Jahon chempionati eng yaxshi futbolchisi va 2024 yilgi “Oltin to'p” sohibi Rodrini tarkibga qo'shishga yaqinlashayotgani. Agar transfer amalga oshsa, markaziy yarim himoyada raqobat kuchayadi va bu Bernalning o'yin amaliyotiga bevosita ta'sir qilishi mumkin.

Bernalning asosiy maqsadi esa kelasi mavsumda muntazam o'yin amaliyotiga ega bo'lish. Manbaga ko'ra, Deko va bosh murabbiy Hansi Flik ham futbolchi jamoa rejalarida borligini yaxshi tushunadi. Shu sababli klub hozircha uni sotish yoki ijaraga berish variantini kun tartibiga qo'ymagan.

Faqat Bernalning o'zi jamoadan ketishni talab qilsa, “Barselona” uni ijaraga berish imkoniyatini ko'rib chiqishi mumkin. Biroq klub rahbariyati va Flik 19 yoshli futbolchi mavsum davomida yetarlicha daqiqa olishiga ishonmoqda.

Bunga Bernalning bir nechta pozitsiyada o'ynay olishi ham sabab bo'lmoqda. Yarim himoyachi markazda turli vazifalarni bajara oladi va shu jihati bilan Flikning taktik rejalarida muhim variant hisoblanadi. Bundan tashqari, nemis mutaxassisi Bernalni Frenki de Yongdan ustun ko'rayotgani aytilmoqda.

Bernal o'tgan mavsumda ham “Barselona”dan ketishiga yaqin bo'lgan. Unga Italiya “Komo” klubi qiziqish bildirgan va futbolchining ijarasi yoki transferi muhokama qilingan edi. Biroq kataloniyaliklar yarim himoyachini saqlab qolishga qaror qilgan.

“Barselona”da markaziy yarim himoyadagi raqobat Rodri kelganidan keyin yanada kuchayishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Kasado va Tommi Markes klubdan ketishi mumkin. Bu esa Bernal uchun tarkibdagi o'yin amaliyotini saqlab qolish imkoniyatini oshiradi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Barselona Barselona
  • Ispaniya La Ligasi Ispaniya La Ligasi
Bugungi yangiliklar